O‘zbekistonda epidemiologik holat yuz berganda dori vositalarining Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan olib kirilishiga ruxsat berilishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu haqda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish kiritildi va deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Kiritilgan o‘zgarishlarda yuqumli kasalliklarni tashxislash va davolashda ishlatiladigan dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlar tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib kirilishi nazarda tutilgan. Xabarda ushbu ro‘yxatlarni shakllantirish tartibiga aniqlik kiritilmagan.
Deputatlar, shuningdek, kam uchraydigan (orfan) kasalliklar tashxisi va ularni davolashda qo‘llaniladigan, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan tibbiy buyumlarni mamlakatga olib kirishni ham ma’qulladi.
Bunday qarorni deputatlar shu kabi dorilarni ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy manfaatdorlik bo‘lmagani sababli o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonda mustaqil ro‘yxatdan o‘tkazishga qiziqish bildirmasligi bilan izohlagan.
Izoh (0)