Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida 12-fevral kunigacha 834 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirilib, ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi, deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabining xabarida.

Foto: “Daryo”

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 11-fevral kuni xorijiy davlatlardan 30 ta samolyot qabul qilinib, 3873 nafar fuqaro, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 5 ta poyezdda jami 1121 nafar fuqaro, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 45 252 nafar fuqaro termometriyadan o‘tkazildi.

12-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.

O‘zbekiston aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

Bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.