Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada o‘tkazilgan brifing davomida so‘nggi haftada Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni barqaror ravishda kamaygani va har kuni bir xil darajada turganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Reuters

“Biroq bu ma’lumotlarni juda ehtiyotkorlik bilan talqin qilish kerak”, — deyiladi JSST rasmiy saytida. Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kasallikning rivojlanishi statistikani ham yaxshi, ham yomon tarafga o‘zgartirib yuborishi mumkin.

JSST rahbarining ta’kidlashicha, 4-fevraldan buyon koronavirus aniqlangan davlatlar soni ortmagan. So‘nggi haftada esa Xitoydan tashqarida qayd etilgan 48 ta holatning 40 tasi Yaponiyadagi Diamond Princess sayohat kemasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘z navbatida, ushbu brifingda so‘zga chiqqan JSST mutaxassisi Mayk Rayanning so‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, virus o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida birinchi bor aniqlangan Xubey provinsiyasidan tashqarida unchalik tajovuzkor emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik Xitoydan tashqarida sekinlik bilan tarqalayotgani sababli uni to‘xtatish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, yangi turdagi koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Xubey viloyatida so‘nggi bir sutka davomida COVID-19 infeksiyasi asoratlaridan 242 kishi vafot etdi.