Gonkong rasmiylari COVID-19 koronavirusining kanalizatsiya quvurlari orqali tarqalishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ushbu taxmin shahardagi turar joy komplekslaridan birida sodir bo‘lgan voqea tufayli yuzaga keldi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.

Foto: “RBK”

Qayd etilishicha, kasallanganlardan biri 62 yoshli ayol bo‘lib, u epidemiyaning markaziga aylangan Uxanga bormagan va boshqa kasallangan kishilar bilan aloqada bo‘lmagan. Faqatgina ehtimoliy virus manbasi bir hafta oldin kasalxonaga yotqizilgan 75 yoshli odam bo‘lishi mumkin. Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, erkak va ayol tanish bo‘lmagan, ammo bitta kanalizatsiya quvuri ularning kvartiralaridan o‘tgan.

Gonkongda kanalizatsiya tizimi orqali virus yuqishi 2002-yilda atipik pnevmoniya tarqalishi paytida ro‘y berganligi sababli, rasmiylar uy aholisining bir qismini evakuatsiya qildi hamda suv ta‘minoti va kanalizatsiya tizimini tekshirishni boshladi. Ular tizimda virusni topa olamagan, shuningdek shubhali quvur o‘tgan boshqa xonadonlarda ham virus aniqlanmagan.

Biroq, mutaxassislar bemorlardan birining kvartirasida kanalizatsiya quvuri mustaqil ravishda qayta o‘rnatilganligini aniqlagan. Noto‘g‘ri qilingan ish sababli, hojatxonaga quvurdan havo chiqishi mumkin. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, virusning axlat orqali yuqishi mumkin bo‘lganligi sababli, u shu tarzda bir kvartiradan boshqasiga ko‘chib o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, rasmiylar virusni butun turar joy majmuasiga tarqalish xavfi yo‘qligini ta‘kidlagan, chunki belgilangan me‘yordagi quvur o‘rnatilganida virus tashqariga chiqa olmaydi, unga tizimdagi doimiy suv yo‘l qo‘ymaydi. 2002-yilda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar kanalizatsiya tizimi orqali harakat qilganda, quvurlarda suv bo‘lmagan. Natijada 300 kishi kasallangan, 42 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, JSST qaroriga muvofiq, koronavirus COVID-19 nomini olgan, bu Corona Virus Disease jumlasining qisqartmasi (“koronavirus keltirib chiqaradigan kasallik”) va mos ravishda virus tarqalgan yil (2019). Ekspertlar Xitoyda tarqalgan koronavirusga qarshi birinchi vaksina 18 oydan keyin paydo bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Xitoylik olimlar esa koronavirusni aniqlash bo‘yicha testlarning ishonchliligini shubha ostiga oldi. Shuningdek. Olimlar pangolinlarni koronavirusning oraliq tashuvchisi deb taxmin qilmoqda. Gonkonglik olimlar esa koronavirusni 40 daqiqada aniqlaydigan uskuna ixtiro qildi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat komissiyasi mamlakatda COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 12-fevral holatiga 1113 kishiga yetgani haqida xabar berdi. Xitoy bo‘ylab virusni yuqtirib olganlar soni 44 653 kishini tashkil etmoqda, shu kunga qadar ularning 4740 nafari davolangan, 8204 odam og‘ir ahvolda, kasallar bilan aloqda bo‘lgan yana 185 ming kishi nazorat ostiga olingan.