Buyuk Britaniyada tutun chiqarmaydigan isitish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu degani, isitish tizimida yoqilg‘i yoqilishi asnosida havoga hech qanday CO2 gazi chiqarilmaydi. Jarayondan faqat issiqlik va oddiy suv ajralib chiqadi. Issiqlikdan, albatta, turar joy binolarini isitishda foydalaniladi; suv esa boshqa maqsadlarga, masalan, sug‘orish tizimlariga yo‘naltirilishi mumkin.
Bunday turdagi isitish tizimi hozirda Kil universitetida sinovdan o‘tkazilmoqda. 2019–2020-yillar qish oylarida ushbu universitetning 30 ta kampusi hamda unga yondosh 100 ta aholi uyi ushbu usul bilan isitilyapti. Ta’kidlanishicha, innovatsion isitish tizimi avvallari jahonning hech bir joyida qo‘llanilmagan. Sinov muvaffaqiyatli chiqsa, uni yanada kengaytirishmoqchi. Hozirning o‘zida yana 670 ta aholi uyini mazkur isitish tizimiga ulash reja qilingan. Xo‘sh, tizimning innovatsion jihati nimada o‘zi?
Gap shundaki, Kil universiteti qozonxonasida isitish tizimiga yoqilg‘i sifatida oddiy tabiiy gazga aralashma tarzida vodorod ham yoqilmoqda. Aralashmaning 20 foizini vodorod tashkil qiladi va aynan shu element hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Oddiy gazli va ko‘mirli bug‘ qozonlaridan farqli ravishda, bunday aralashma gazli qozonxonalarda atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqmaydi. Chunki yonish jarayonida vodorod o‘zidan faqat issiqlik va suv ajratib chiqaradi. Loyiha HyDeploy deb nom olgan bo‘lib, uni kelajakda katta miqyosda tatbiq qilinishi uchun, 7 million funt-sterling ajratilishi ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, vodorod aralashmasiga asoslangan isitish tizimini joriy qilinishi orqali, butun Britaniya bo‘ylab, yiliga 6 million tonna uglerod oksidlarini atmosferaga tashlanishi oldi olinadi. Bu 2,5 million avtomobil chiqarayotgan zaharli tutun miqdoriga teng ko‘rsatkichdir.
Vodorod olish uchun pechlar yaqinida maxsus elektroliz uskunalari o‘rnatiladi. Elektroliz vositasida suvni kislorod va vodorodga parchalanadi va olingan vodorod gazini yoqilg‘i gazlari tarmog‘iga yo‘naltiriladi. Albatta, bu borada muayyan xavfsizlik talablarini va qoidalarini ham ishlab chiqish taqozo etiladi. Shu maqsadda hozircha sog‘liqni saqlash tizimi bilan kelishuvlar jarayoni yuritilmoqda. Aynan shu sabab bilan, sinov ishlari uchun, avvaliga Kil universiteti tanlab olingan. Chunki bu universitetning o‘z mustaqil gaz ta’minot sistemasi mavjud bo‘lib, u mamlakatning umumiy gaz tarmoqlaridan alohida ishlaydi. Tayyorgarlik va sinov jarayonlarida havoga sizib chiqqan va to‘planib qolgan vodorod gazini tez aniqlash va uni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Buning uchun maxsus gaz analizatorlari va yong‘in va portlashga qarshi ogohlantirish-himoya vositalari ham qo‘llangan.
Sinov ishlari joriy yilning iyul oyigacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu kutilgan natijani bersa, yoz oylarida universitet isitish tizimiga undan sharqdagi yana 670 ta aholi uylari va tijorat obyektlarini ulab, loyihani kengaytirish va tijoratlashtirish maqsad qilinmoqda. Loyiha “vodorodli iqtisodiyot” nomli global loyihaning bir qismi bo‘lib, bu loyiha avtomobillar, sanoat va maishiy iste’molchilar uchun vodorod yoqilg‘isi asosidagi energetikaga o‘tish rejalarini ko‘zlaydi.
Muzaffar Qosimov
Izoh (0)