O‘zbekistonda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2020-yil uchun Davlat dasturi loyihasida aytiladi.
Loyihada qayd etilishicha o‘simlik va hayvonot dunyosiga, atmosfera va suv resurslariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi jinoyat turlarini belgilash va amaldagi jinoyat turlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutiladi.
Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlashga Bosh prokuratura, Oliy sud, IIV va Adliya vazirliklari mas’ul etib belgilandi. Hujjatlar 1-sentabrga qadar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning noyabr oyida “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqish yuzasidan petitsiya e’lon qilingan hamda 10 000 dan ortiq ovoz to‘plagan edi.
Izoh (0)