O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida “Koronavirusga chalingan bemor izolyatsiya qilindi” nomi ostida xabar chiqdi. Ushbu xabar IIVning Telegram’dagi sahifasida ham shu sarlavha ostida chiqdi. Postga maxsus himoya vositalari kiygan tibbiyot xodimlari bemorni tibbiy yordam mashinasiga yotqizayotgani tasvirlangan surat joylashtirilgandi.

Skrinshot: Telegram

Ushbu sarlavha koronavirus O‘zbekistonga ham yetib kelgani haqida vahima uyg‘otadi. Aslida esa bu koronavirus bilan chalingan bemorni izolyatsiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotidir. Keyinroq IIV Telegram’dagi postini, so‘ng saytdagi xabarni o‘chirib yubordi, ammo bu vaqtgacha post tarqalishga ulgurgandi.

Skrinshot: IIV sayti

IIV saytida o‘chirib yuborilgan xabarda 12-fevral, seshanba kuni, “Urganch xalqaro aeroporti”da “Yangi turdagi koronavirus infeksiyasining respublika hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda Davlat tizimi hududiy organlari va kuch-vositalarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazilgani yozilgandi.

“Maxsus-o‘quv mashqida ishtirok etgan ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar, bojxona organlari, chegara qo‘shinlari va ‘Urganch xalqaro aeroporti’ ishchi-xizmatchilari yuqumli kasallik bilan xastalangan shartli ‘bemor’ni aniqlash, izolyatsiya qilish va davolash ishlarini olib borish bo‘yicha o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni belgilangan tartibda amalga oshirdi.

Maxsus-o‘quv mashqi davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, erishilgan yutuqlar yakunda qatnashchilar ishtirokida muhokama qilindi”, — deyilgandi IIV xabarida.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Koronavirusga qarshi markaziy shtabi 11-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus kasalligi qayd etilmaganini ma’lum qilgan.