Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi. Podpolkovnik Muhiddin Jo‘rayev 2014—2016-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i, 2016—2018-yillarda Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
U 2018-yilning dekabr oyi oxirida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Shuningdek, 2019-yil iyulida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan.
Polkovnik Muhiddin Jo‘rayev endilikda Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
“Daryo” muxbirining xabar berishicha, 11-fevral, seshanba kuni, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari tomonidan yangi rahbar keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2019-yil 18-noyabrdagi qarori bilan Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev lavozimidan ozod qilingan edi.
Izoh (0)