Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Jambil viloyati Qo‘rday tumanidagi ommaviy janjaldan so‘ng bir necha mansabdor shaxsning ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi, deb yozadi Sputnik.
Xususan, To‘qayev Jambil viloyati hokimi Asqar Mirzaxmetovga ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sulushash Qurmanbekovani hamda Qo‘rday tumani hokimi Bo‘latbek Baytoleni ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun bo‘shatishni buyurgan.
Prezident, shuningdek, Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umboyevga Jambil viloyati politsiya departamenti boshlig‘i va tartibsizliklar yuz bergan Qo‘rday tumani politsiya bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqida ko‘rsatma bergan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Jambil viloyati Qo‘rday tumani Masanchi qishlog‘ida mahalliy aholi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq fuqaro jarohatlandi. Jambil viloyati hokimi ushbu tartibsizliklarda mingdan ortiq kishi ishtirok etganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)