“Eng yaxshi aktyor” yo‘nalishida 2020-yilgi “Oskar” mukofoti “Joker” filmidagi ijrosi uchun Xoakin Feniksga nasib etdi. Rene Zellveger esa “Judi” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” deb topildi.

Xoakin Feniks.
Foto: Getty

Janubiy Koreyaning “Parazitlar” filmi eng yaxshi xorijiy film deb topildi; avvalroq ushbu film eng yaxshi ssenariy uchun ham “Oskar” olgan edi.

Rene Zellveger.
Foto: Getty

“Joker”ning saundtreklarini yozgan Xildur Gudnadottir eng yaxshi bastakor deb topildi. Xonanda Elton Jon tomonidan “Roketmen” filmi uchun kuylangan “(I’m Gonna) Love Me Again” kompozitsiyasi esa eng yaxshi qo‘shiqqa atalgan “Oskar”ni qo‘lga kiritdi.

“1917” filmi operatorlik ishi, vizual effektlari va ovoz ishlari uchun “Oskar”larni qo‘lga kiritdi. “Ford Ferrari’ga qarshi” filmi ikkita yo‘nalishda g‘olib chiqdi: eng yaxshi montaj va eng yaxshi ovoz montaji.

Eng yaxshi postanovkachi rassom ishi uchun “Oskar” “Bir kuni... Gollivud”da filmiga, eng yaxshi liboslar uchun “Oskar” “Kichkina ayollar”ga, eng yaxshi grim va soch turmaklari uchun “Oskar” esa “Mojaro” filmi uchun topshirildi.

92-“Oskar” mukofotlarini topshirish marosimi Los-Anjelesda bo‘lib o‘tdi. Marosim ketma-ket ikkinchi yil boshlovchisiz o‘tkazildi.