“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” romani haqida hikoya qiladi.
Fleshbek
Bu mashhur asarni o‘qimagan inson bo‘lmasa kerak. Bolalik davrimda ilk bora uni o‘qigach, men ham Robinzonga aylanib olgan edim. Qishloqqa buvimlarnikiga borib qolsam, dala shiyponi atrofidagi tutzorlarga borib o‘zimcha robinzonlik qilar edim. Ammo mening bu “kimsasiz” oroldagi hayotim nari borsa ikki soat davom etardi xolos. Keyinchalik ulg‘aygach, o‘qishni bitirib juda ko‘p tarixiy davrlar haqida ma’lumotlar olganimdan keyin ushbu asarni o‘qiganimda, unda shunchaki qiziqarli sarguzasht emas, balki juda katta ijtimoiy muammolar va shaxsning jamiyatdagi o‘rni bo‘yicha deyarli falsafiy traktat o‘qiganday bo‘lganman.
Asar haqida
Robinzon Kruzo – 1719-yil aprelda ingliz yozuvchisi Daniel Defo tomonidan nashr etilgan roman. Asar insonning tabiat bilan uyg‘unlikda ma’naviy tiklanishi haqida hikoya qiladi. Bu roman dengiz sayohatchisi Robinzon Kruzoning avtobiografiyasi sifatida yozilgan. Defo o‘z romaniga prototip qilib, shotlandiyalik qayiqchi Selkirkning 1704–1709-yillarda kimsasiz orolda qolib ketganini olgan edi.
1719-yil avgustda Defo “Robinzon Kruzoning keyingi sarguzashtlari” nomli ikkinchi kitobini chiqardi va yana bir yil o‘tgach “Robinzon Kruzoning jiddiy fikrlari” deb nomlangan uchinchi kitobini ham yozdi. Lekin faqat birinchi kitobgina dunyo adabiyoti xazinasiga kirdi va shu bilan birga yangi “Robinzoniada” janri paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.
Syujet
Kitob, York shahrida yashovchi va uzoq dengizlarga sayohat qilishni orzu qilgan Robinzon Kruzoning xayoliy avtobiografiyasi sifatida yozilgan. Otasining xohishiga qarshi, 1651-yilda u o‘z uyini tashlab, do‘sti bilan birinchi dengiz safariga jo‘naydi. Ushbu sayohat Angliya qirg‘og‘ida kema halokati bilan tugaydi, ammo bu halokat Kruzoni ko‘nglini dengizdan uza olmaydi va tez orada u savdo kemasida yana bir nechta sayohatni amalga oshiradi. Ushbu sayohatlaridan birida, uning Afrika sohilidagi kemasi berber qaroqchilari tomonidan qo‘lga olinadi va Kruzo qochib ketgunga qadar ikki yil davomida asirlikda qoladi. Robinzonni dengizda portugal kemasi qutqarib qoladi va ular bilan Braziliyaga borib, u yerda to‘rt yil davomida plantatsiyaga egalik qiladi.
Tezroq boyib ketishni istab, 1659-yilda Robinzon qullar olib kelish uchun Afrikaga noqonuniy savdo missiyasida ishtirok etadi. Biroq kema bo‘ronga duch kelib, noma’lum orol qirg‘og‘ida sayozlikka o‘tirib qoladi. Kruzo butun kema ekipaji ichida yagona tirik qolgan inson edi... Endi uni oroldagi uzoq va mashaqqatli hayot kutmoqda.
Tahlil
Daniel Defo Robinzon Kruzo asari bilan adabiy boqiylikka erishdi. U bu asar bilan o‘z davrining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy holatiga qarshi chiqishga jur’at etdi. Asarda umuman jamiyatsiz utopik muhitni tasvirlab, Defo Angliya jamiyatining siyosiy va iqtisodiy jihatlarini tanqid qiladi. Kruzo – har bir o‘quvchi o‘zini uni o‘rniga qo‘yib ko‘rishi mumkin bo‘lgan shaxsga aylandi. Shu orqali, Defo bizni uzoq orollarni va inson ruhiyatining yolg‘izligini ko‘rishga safarbar qiladi.
Adabiyotda tez-tez tasvirlanadigan umumiy mavzu shaxs va jamiyat qarama-qarshiligidir. Asar boshida Robinzon Kruzo jamiyat haqida emas, balki oilasining qarashlari, agar ota-onasi aytganiday u oilaviy biznesni yuritishni istamasa, qanday qilib hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi haqida fikr yuritadi. Shu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, Defoning romani biroz avtobiografik bo‘lib tuyuladi. Yozuvchi olib borgan hayot tarzi, do‘stlari va dushmanlari hamda savdogarlar bilan aloqalari kabi tabiiy manfaatlari asarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Bu o‘xshashliklar roman davomida bir necha bor uchraydi. Kruzo singari Defo ham o‘z ota-onasiga qarshi chiqqan. Ammo Kruzodan farqli o‘laroq, Defo hukumatga va jamiyatga qarshi isyon ko‘taruvchi ko‘plab esselar va maqolalarni chop etadi, xuddi “Ajoyib yangi dunyo”ning muallifi Oldos Xaksli Angliya jamiyatining ijtimoiy muammolarini aks ettirganidek. Keyinchalik Defo ushbu maqolalari sabab, tuhmat qilganlikda ayblanib, qamoqqa tashlangan.
Kitobda Kruzo va uning ota-onasi o‘rtasidagi munosabatlar haqida chuqur va batafsil ma’lumot berilmagan, chunki Defoning ota-onasi u uchun nafaqat barcha asarlaridagi ota-onalarning, balki jamiyatning ham ramziga aylangan edi. O‘quvchi, o‘z navbatida, Kruzoning ijtimoiy munosabatlari individuallikning kuchayib ketishi tufayli halokatga uchragan bo‘lsa ham, uning qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Robinzon Kruzoda Defo kema halokatiga uchragan askar haqidagi hikoyani jamiyatni tanqid qilish uchun ishlatadi. Orol sharoitida Defo utopik jamiyatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan narsalarni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Bu o‘sha paytda Angliyada juda munozarali mavzu edi. O‘sha davr Angliyasida ko‘plab fuqarolar o‘z siyosiy qarashlari tufayli ta’qib qilingan. Biroq Defo siyosiy erkinlik jamiyatning har bir a’zosi ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq deb hisoblagan.
Kruzo dunyoning qolgan qismidan ajralib qolib, nafaqat omon qolishga, balki uning o‘zigagina bog‘liq bo‘lgan utopik jamiyatni yaratishga qodir edi. Yaratilgan ushbu “markscha” iqtisodiy tizim, faqat bitta “fuqaro”ga ega bo‘lishiga qaramay, utopik muhitni yaratish mumkinligini isbotlaydi. Kruzoning tabiat bilan uyg‘unligini buzadigan boshqa odamlar yo‘q. “Endi men o‘tgan yovuz, la’nati, jirkanch hayotimdan ko‘ra hozirgi hayotim qanchalik baxtli ekanini anglay boshladim”. Robinzonning kimsasiz orolda qolib ketishi, garchi uning oldin qilgan gunohlari uchun Xudo tomonidan yuborilgan jazo sifatida ko‘rilgan bo‘lsa-da, qahramonni o‘zini anglashga majbur qildi. Yangi hayoti Angliyadagi hayotidan yaxshiroq edi.
Robinzon Kruzodagi epizodlar vaziyatdan kelib chiqadi va vaziyat shunday bo‘ladiki, u tabiiy ravishda qahramonning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishga va oxir-oqibat uning barcha muammolarini hal qilishga olib keladi. Orol Kruzoga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, u Kruzoning aqliy, jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Kruzo, atrofidagi narsalar bilan ishlash orqali, o‘zining baxtsizligidan nafratlanishdan ko‘ra, yashash uchun kerak bo‘lgan hamma narsalarni topib, ulardan foydalanishni o‘rganadi. Shunday qilib, orol, uning inson sifatida o‘sishining ramziy ma’nosi va oxir oqibat uni Xudoga olib kelgan, tabiat ustidan insonning yakuniy g‘alabasi edi.
Jamiyatni tanqid qilish bilan bir qatorda Defo Kruzo atrofidagi narsalarga utopik muhitni yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan ramziylik beradi. Orolda yangi o‘sgan arpa va makkajo‘xorini, Kruzo “tabiatning yutuqlari” deb ataydi, aslida bu donlar uning ichida sodir bo‘layotgan ruhiy va hissiy o‘sishning ramzidir. Orol va Kruzo bir-biri bilan yashab, bir-biriga uyg‘unlik berish g‘oyasi utopik jamiyat g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Kitobning aynan shu yerida omon qolish uchun Kruzo faqatgina o‘ziga qaram bo‘lishi mumkinligini tushunadi. Bu orolda u baxtga erishganining isboti sifatida kemadagilarning ichida faqatgina o‘zi omon qolganini ko‘radi.
Kruzo orolda o‘zining muqaddas joyini topgan bo‘lsa-da, u ham odam, ya’ni ijtimoiy mavjudotdir, u ham ijtimoiy aloqaga muhtoj edi. U holatiga ko‘nikib, taqdirga tan bergan bo‘lsa-da, orolda ilk bor odam izlarini ko‘rib qolganida uning ichida yana o‘sha ijtimoiy muhitga intilish alanga olib ketadi. Bu esa Aristotelning mashhur fikrlarini qo‘llab-quvvatlaydi. U aytgan ediki, “odam – ijtimoiy mavjudot, mutloq yolg‘izlikda yaxshi yashashi uchun u yoki hayvon yoki Xudo bo‘lishi kerak”.
Xulosa
G‘arb adabiyoti tarixida bironta ham kitob Kruzodan ko‘ra ko‘proq nashrlarni, tarjimalarni, taqlidlarni, ketma-ketliklarni keltirib chiqarmagan. Defo foydalangan ohang va nuqtai nazar o‘quvchiga orolda bo‘lgan paytida Kruzoda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni his qilish imkoniyatini beradi.
Bu esa har bir so‘zga va romandagi iqtiboslarga haqqoniylik beradi. Robinzon baxtsiz vaziyatga nisbatan optimistik nuqtai nazarni shakllantirish uchun rivojlanadi va shu tariqa o‘zi uchun ham aqliy, ham jismoniy jihatdan bir utopiya yaratadi. Bu asar hozirda kutubxonalarning bolalar bo‘limida tursa-da, aslida o‘z ichida juda katta ijtimoiy kontekstni saqlaydi.
Iqtiboslar
Bu insoniy tabiatdir: biz eng yomon vaziyatni boshdan kechirmagunimizcha mavqeimizni aslo ko‘rmaymiz va ega bo‘lgan ne’matlarimizni yo‘qotib qo‘ymagunimizcha hech qachon borini qadrlamaymiz;
Xavfdan qo‘rqish kelib bo‘lgan xavfdan yomonroqdir, yovuzlik kutish esa yovuzlikning o‘zidan o‘n ming marta yomonroqdir;
Tinchlikni yo‘qotganimizdagina uni qadrlashimiz mumkin;
Ochlik hatto sherlarni ham yuvosh qilib qo‘yadi.
- Asar ingliz romanchiligi tarixidagi ilk to‘liq roman deb hisoblanadi;
- Robinzon Kruzo haqida 22 dan ortiq film ishlangan.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Mavzuga doir:
“Dunyoni qanchalik ko‘p kuzatsam, menga u shunchalik yoqmay ketyapti”. “Andisha va g‘urur” romani haqidaBolalik insonning asl holatidir. “Kichkina shahzoda” qissasi haqida
“Men insonman. Men sevishim kerak”. “Eljernon uchun gullar” romani haqida
“Bu hayotda yo ovchisiz, yo o‘lja”. “Buyuk Getsbi” romani haqida
O‘smirlikdan o‘tish qiyinchiliklari va Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor” romani haqida
“Qancha urinma, og‘ritganda og‘riydi”. Xaruki Murakamining “Norvegiya o‘rmoni” romani haqida
Xolokost dahshatlari yosh bolakay ko‘zi bilan. “Yo‘l-yo‘l pijamali bola” romani haqida
Daydi bola daftari. Dikkensning “Oliver Tvist” romani haqida
“Ayol yig‘lay olmasa, bu dahshatli narsa”. “Shamollarda qolgan hislarim” romani haqida
Izoh (0)