Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimligida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tib, unda tuman hokimi o‘zgargani ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Sessiyada Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev keyingi yillarda tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy, qurilish, kommunal sohada muammolar oshib ketgani, ularni hal qilish masalalariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyat rahbari O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining roziligi bilan Buxoro viloyat Markaziy bank boshlig‘i Shukrullo Hakimov nomzodini Shofirkon tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlash to‘g‘risida viloyat hokimi qarori qabul qilinganligini ma’lum qildi.
O‘tgan yilning 11-iyunidan joriy yilning 8-fevraliga qadar Shofirkon tumani hokimi vazifasini Uyg‘un G‘afforov bajarib kelgan. Ayni paytda u yana qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, Shukrullo Hakimov 1984-yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 2008-yilda Toshkent Moliya insituti magistraturasini tamomlagan.Lavozimga tayinlangunga qadar, 2019-yildan buyon Buxoro viloyat Markaziy bank boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Avvalroq “Mikrokreditbank” Buxoro viloyati filiali boshlig‘i, undan avvalroq esa “Buxoropaxtasanoat” hududiy filiali MChJ direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)