British Airways aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti Nyu-York shahridan Londonga rekord darajada tez uchib keldi, deb xabar beradi Meduza.
Qayd etilishicha, layner tovush tezligidan past samolyotlar uchun yangi transatlantik parvoz tezligi rekordini o‘rnatgan.
9-fevral kuni Nyu-Yorkdan Londonga uchgan samolyot manzilga 4 soat-u 56 daqiqada yetib kelgan.
Ushbu yo‘nalishdagi avvalgi rekord Norwegian aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, shaharlar orasidagi masofa besh soat-u 13 daqiqada bosib o‘tilgan. Aslida Nyu-York—London yo‘nalishida o‘rtacha parvoz vaqti olti soat-u 13 daqiqani tashkil etadi.
Qayd etilishicha, British Airways samolyoti tezligi soatiga 1327 kilometrni tashkil etgan. Layner “Kiyara” bo‘roni tufayli yuzaga kelgan kuchli shamol sabab tezligini oshirishga muvaffaq bo‘lgan.
“Uchuvchilarimiz yo‘lovchilarning Londonga muddatidan ilgariroq qaytishi uchun ob-havo sharoitlaridan maksimal ravishda foydalandi”, — deyiladi British Airways bayonotida.
Aviakompaniya Nyu-York va London o‘rtasidagi parvoz tezligi bo‘yicha mutlaq rekord 1996-yilda ikki shahar o‘rtasidagi masofani 2 soat 53 daqiqada bosib o‘tgan “Konkord” samolyotiga tegishli ekanini ta’kidladi.
“Kiyara” 9-fevral kuni G‘arbiy va Shimoliy Yevropaga yopirilib, Buyuk Britaniyada yetti yil ichidagi eng xavfli to‘fon hisoblanmoqda. Shuning uchun mamlakatda yuzlab reyslar qoldirildi, poyezdlar va paromlar harakati to‘xtatildi, shuningdek, bir nechta ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
Izoh (0)