Maktab o‘quvchisi uyiga sovg‘a bilan qaytibdi. Onasi qayerdan olganini so‘rabdi. “Maktabda o‘qituvchimizning savoliga to‘g‘ri javob berganligim uchun mukofot berishdi”, javob qilibdi bola. “Qanday savol?”. “O‘qituvchimiz tuyaqushning oyog‘i nechta bo‘ladi?” deb so‘radi, men “uchta” deb javob berdim”. Ona ajablanibdi: “Tuyaqushning oyog‘i ikkita bo‘ladi-ku, o‘g‘lim”. Bola “Ikkita bo‘lishini hamma keyin bildi. Sinfdoshlarim to‘rtta, deb javob berdi. Meniki javobga eng yaqin bo‘lgani uchun mukofotlashdi”.
Bu galgi mavzuimiz vatan chegaralaridan chiqib butun Markaziy Osiyoni qamrab oldi. Yo‘q, koronavirus haqida yozmaymiz. Mavzuimiz import. Yana pozitiv! Kaminadan birinchi marta pozitiv o‘qiysiz, joylashib o‘tirib oling.
Bilasizmi, davlatlar doim eksportni oshirish va importni kamaytirishga intiladi. Bugungi dunyoda milliy valyutasi quvvatini oshirgan, o‘z-o‘zini ta’minlagan davlatlar g‘ozdek kerilib yuradi. O‘xshamay qolsa, eksportni oshirib va importni kamaytirib ko‘rsatishga urinadi.
“Cabar.asia” saytida yaqinda chop etilgan xabarda Markaziy Osiyo davlatlarining importi miqdori eksportyor mamlakatlar ma’lumoti bilan solishtirilgan. Farq kattagina. Qozog‘iston Xitoydan 5 milliard dollardan biroz ko‘proq import qilibdi. Ayni shu ma’lumot Xitoyga ko‘ra 11 milliard dollardan ortadi. Farq 6 milliard dollar. Bu farq Qirg‘iziston uchun 3,6 milliard, Tojikiston uchun 0,832 milliard dollarga teng. O‘zbekiston va Xitoy bergan ma’lumot farqi atigi 0,402 million dollar chiqqan. Biz hammadan haqiqatgo‘y chiqdik, do‘stlar. To‘g‘ri, Xitoydan umumiy importimiz 3,5 milliard dollardan oshadi, ammo “importimiz oz”, deya chiranish nega kerak?
Bu farq Rossiya bilan importda ham ko‘rinadi. Qirg‘iziston ma’lumoti bilan Rossiya ma’lumoti orasidagi farq 125 million dollar. Shu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 69 million, Tojikistonda 118 million dollar. Bu borada ham eng kam farq O‘zbekistonda – 17 million dollar. 17 million ham farq, ammo qo‘shnilarimizga nisbatan eng oz farq. Haqiqatga eng yaqini bizniki. Statqo‘mni maqtaylikmi yo bojxonani? Ikkoviniyam.
Ana shunday gaplar. Faqat muammolarni yozadi deydiganlar diqqatiga: mana yutuqlarni ham yozdik va yozamiz.
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)