O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin kelajakda qiyin sharoitlarga duch kelishi mumkin. Spot’ning xabar berishicha, bu haqda Fitch Solutions kompaniyasining sharhida aytilgan (bu Fitch Rating’ga bog‘liq bo‘lmagan Fitch’ning mustaqil bo‘linmasidir, shu sababli ularning ma’lumotlari bir-biridan farq qilishi mumkin).

Foto: China-uz-friendship.com

Fitch Solutions tahlilchilarining fikricha, 2020-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 5,4 foizgacha pasayadi. 2019-yilda bu ko‘rsatkich 5,6 foiz bo‘lishi taxmin qilingan edi.

Buning sababi tashqi cheklovlar, jumladan, Uxandagi koronavirusning tarqalishi bo‘lib, bu Xitoyning o‘sish istiqbollari uchun, ayniqsa, savdo va importga bo‘lgan talab nuqtayi nazaridan jiddiy xavf tug‘diradi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston eksportining eng katta ulushi aynan Xitoyga to‘g‘ri keladi.

“Sof eksport (eksport va import orasidagi farq) ulushi 2019-yildagi -0,5 foizlik punktdan (fp) 2020-yilda -1,3 fp.gacha pasayishini taxmin qilmoqdamiz, — deyiladi hisobotda.

Shuningdek, iqtisodiy beqarorlik, operatsion qiyinchiliklar va nomutanosibliklar kelgusi yillar uchun potensial xavf sifatida keltirilgan.

Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston so‘mining qadrsizlanishi va infratuzilmaning sustlashishi oqibatida inflyatsiyaning oshib borishi iqtisodiy vaziyatning tobora beqaror bo‘lib qolishiga olib keladi.

“Tashqi talabning zaifligi sababli o‘sishning pasayishini prognoz qilmoqdamiz va O‘zbekiston jahon iqtisodiyotiga savdo va investitsiyalar orqali bog‘langanligi tufayli u keskin iqtisodiy inqirozga duch kelishi mumkin”, — deb qayd etgan Fitch Solutions.

Fitch O‘zbekistonni 100 balldan 44,2 ballga baholamoqda. Bu 202 bozordan 125 ga to‘g‘ri keladi degani. Tahlilchilarning ogohlantirishicha, tashqi moliyaviy oqimlar uchun ochilish spekulyatsiya, ortiqcha investitsiyalar va qarz yukining oshishi xavfini tug‘diradi.

Shuningdek, mamlakat zaxiralari tashqi moliyalashtirish ehtiyojlarini qoplashi qayd etilgan.