O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 3-fevral kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bilan uchrashdi.
Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari hamda mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQShga tashrifi va prezident Donald Tramp bilan muzokaralari yakuniga ko‘ra qabul qilingan strategik sheriklikning yangi davri boshlanishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot qoidalarini izchil amalga oshirish, ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga tomonlar sodiq ekanligi tasdiqlandi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanayotganligi va jadal rivojlanayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab, shu nuqtayi nazardan so‘nggi ikki yil ichida savdo hajmi ikki baravar o‘sganini qayd etgan.
AQSh davlat kotibi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Muzokaralarda, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish, diniy erkinlikni ta’minlash va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan choralarga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Tadbirda AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum ham ishtirok etgan.
Izoh (0)