Rossiyaning Kaliningrad shahri 1-fevral, shanba kuni, professional boks oqshomiga mezbonlik qiladi.
Ushbu boks kechasida o‘zbekistonlik to‘rt nafar bokschi ringga ko‘tariladi. Xususan, -58,9 kg vazn toifasida Shukurjon Rahimov (2019-yilgi Osiyo chempionati bronza medali sohibi) prof ringdagi debyut jangini afrikalik Ripfumelo Chikvambanaga qarshi o‘tkazadi.
-72,5 kg vazn toifasida ringga chiqayotgan Odiljon Aslonov (1-0, 1 KO) esa prof boksdagi ikkinchi jangida belaruslik Dmitriy Atroxovga (16-6, 7 KO) to‘qnash keladi. Aslonovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, sportchi “Patriot” promouterlik kompaniyasi bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekkan.
Rio—2016 Olimpiadasi bronza medali sovrindori, 79,3 kg vazn toifasi vakili Rustam To‘laganov (2-0, 1 KO) prof boksdagi uchinchi jangini polshalik Norbert Dabrovskiga (23-8-2, 10 KO) qarshi olib boradi.
Og‘ir vazn toifasida esa Ulug‘bek Mubinov o‘zining debyut jangini Bosniya va Gersegovinadan bo‘lgan Srjdan Goverdanitsaga (7-8, 5 KO) qarshi olib boradi.
O‘zbekistonlik bokschilarning janglari Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)