Xorijiy davlatlarda ish bilan ta’minlash evaziga fuqarolarning 35 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritgan korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Reuters

Ma’lum bo‘lishicha, “O. xususiy bandlik agentligi” MChJ xodimlari M.I., T.A. va fuqaro I.X. fuqaro L.K. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularni aldab, 4 nafar o‘g‘li va 1 nafar jiyanini noqonuniy ravishda, tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. Evaziga har biri uchun 7 ming AQSh dollaridan jami 35 ming AQSh dollari talab qilgan.

Shundan 17 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida departament tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida, “A.visa” MChJ rahbari Sh.A. yuqoridagi 5 nafar fuqaroni noqonuniy ravishda Koreyaga ishga yuborish evaziga avans sifatida 2,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolarni Koreyaga ishga jo‘natish huquqiga ega yagona tashkilot Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi, xususiy bandlik agentliklarining bunga vakolati yo‘q.