Turkmaniston prezidenti boshqaruvga layoqatsiz deb topilsa, uning majburiyatlari parlament raisiga emas, balki parlamentning Oliy palatasiga aylanishi kutilayotgan Xalq kengashi rahbariga yuklatiladi. Bu haqda Gurbanguli Berdimuhamedov boshchiligida o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy komissiya majlisida ma’lum qilindi, deb xabar beradi “Asia-Plus”.
Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbari layoqatsiz deb topilgan taqdirda, uning vazifasini parlament raisi bajaradi.
Ayni vaqtda komissiya Konstitutsiyaning yangi tahririni muhokama qilmoqda, unga ko‘ra, mamlakatda ikki palatali parlament paydo bo‘ladi. Majlis — quyi palata, Xalq kengashi — yuqori palataga aylanadi. Shu sababli prezident vazifasini bajaruvchi nomzod ham o‘zgaradi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Konstitutsiyadan qonunchilik, ijro va sud hukumatining alohida ekanligi qayd etilgan 6-modda ham olib tashlanishi rejalashtirilmoqda. Bu esa ikki palatali parlamentning ishlashi uchun zarur deya izholangan. Biroq ikki palatali boshqa mamlakatlar Konstitutsiyasida (xususan, Rossiya va O‘zbekiston) hukumatning alohidalik prinsipi saqlanib qolgan.
Xalq kengashi parlamentning bir qismi bo‘lmasa-da alohida mavqega ega edi. Mazkur organ Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurot Niyozov davrida muhim rol o‘ynagan. Berdimuhamedov prezident bo‘lgach esa, Xalq kengashi faoliyatini tugatib, o‘rniga Oqsoqollar kengashini tuzdi. Ushbu organ ancha past mavqega ega bo‘lgan. 2018-yilda ushbu kengash ham tugatilib, yana Xalq kengashi tuzilgan edi.
Izoh (0)