Yanvar oyi O‘zbekiston aviatsiyasi tarixidagi eng ahamiyatli oylardan biri hisoblanadi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” (hozirgi Uzbekistan airways) va Humo Air aviakompaniyalari aynan yanvar oyida tashkil etilgan — birinchisi 1992-yil 28-yanvarda, ikkinchisi joriy yil 20-yanvarda. O‘zbekiston hududida yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq oxirgi aviahalokat ham yanvar oyida — 2004-yil 13-yanvar kuni sodir bo‘lgan. Toshkent aeroportida Yak-40 samolyoti halokatga uchraganiga 16 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan aviahalokatlar haqidagi maqolani e’tiboringizga havola etamiz. Shuni aytishimiz mumkinki, SSSR aviatsiyasi tarixidagi eng yirik aviahalokat ham aynan O‘zbekistonda sodir bo‘lgan.
Toshkentda ANT-20bis halokati. 1942-yil 14-dekabr
Samolyot bortida bo‘lgan 36 kishining bari halok bo‘lgan.1938-yilda ishlab chiqarilgan ANT-20bis samolyoti 64 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lgan. 1941-yil noyabr oyida harbiy harakatlar tufayli O‘zbekiston fuqarolik havo floti boshqarmasiga topshirilgan.
1942-yil 14-dekabrda samolyot Turkmanistonning Chorjoy shahridan Toshkent sari havoga ko‘tarilgan. Samolyot bortida 10 nafar ekipaj a’zosi va 26 yo‘lovchi bo‘lgan. Parvoz 500 metr balandlikda amalga oshirilgan. Parvoz boshlanganidan 2 soatu 20 daqiqa o‘tib, Toshkentga 50—90 km (turli manbalarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan) qolganda to‘satdan avialaynerning old qismi og‘ib, o‘tkir burchak ostida (taxminan 80 daraja) yerga qulagan. Bortda bo‘lgan 36 kishi halok bo‘lgan.
Hodisa ekipaj komandiri I.Govyaz avialaynerni yo‘lovchi sifatida uchayotgan uchuvchi Kozlovga topshirgani oqibatida yuz bergani aniqlangan. Kozlovning harakatlarini ikkinchi uchuvchi kuzatib turishi kerak bo‘lgan, Govyaz esa kabinadan chiqib ketgan. Uchuvchi o‘rindig‘ining tirsakqo‘ygichida burchak ostida boshqarishni barqarorlashtirish elektr mexanizmi o‘chirgichi bo‘lgan. Kozlov tasodifan yoki ataylab mexanizmni yoqqan, buning oqibatida samolyot sho‘ng‘ishni boshlagan. Ikkinchi uchuvchi Tropikov bu holatni vaqtida payqamagan yoki samolyot qulashining oldini olish uchun kerakli harakatlarni amalga oshirishga ulgurmagan.
Toshkentda Il-14 halokati. 1958-yil 23-dekabr
Samolyot bortida bo‘lgan 21 kishining bari halok bo‘lgan.1956-yil Toshkent aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan Il-14 samolyoti 1958-yilning 23-dekabrida Mineralniye Vodidan Toshkentga parvoz qilgan. Uning bortida 6 nafar ekipaj a’zosi va 15 yo‘lovchi bo‘lgan. Ekipajga Toshkentda 300–600 metr balandlik qat-qat bulutlar bilan qoplanishi, qor va tuman bo‘lishi, ko‘rish masofasi 2—4 kilometrdan 1—2 kilometrgacha tushishi mumkinligi haqida ob-havo ma’lumoti berilgan.
Ekipaj Toshkent aeroporti hududiga kirganida dispetcher ularga ob-havo ma’lumotini bergan: qor, ko‘rish masofasi taxminan 1000 metr. Bu aeroportning meteorologik minimumidan past bo‘lgan, dispetcher esa samolyotni zaxira aeroportiga yo‘naltirish o‘rniga qo‘nishga ruxsat bergan. Avialayner uchish-qo‘nish yo‘lagiga yaqinlashganida 10–15 metr balandlikda komandir ikkinchi aylanaga ketishini ma’lum qilgan.
Soat 03:10 da 100—150 metr balandlikda samolyot birdaniga o‘ngga burilib, 60 daraja burchak ostida ishlab turgan dvigatellari bilan qo‘nish yo‘lagidan 220 metr narida qorli maydonga qulagan. Bortda bo‘lgan 21 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Texnik ekspertiza samolyotning shassini tushirish signalizatsiyasi ishlamay qolganini ko‘rsatdi. Komissiya dispetcher va uchuvchi parvozlar bo‘yicha instruksiyaga amal qilmagani, komandirni parvozlarga tayyorlash sifatsiz amalga oshirilgani, Toshkent aeroporti bo‘yicha ob-havo ma’lumotlari noto‘g‘ri berilganini aniqladi.
Boysunda Il-14 halokati. 1959-yil 14-dekabr
Samolyot bortida bo‘lgan 30 kishining bari halok bo‘lgan.Boysunda halokatga uchragan Il-14 samolyoti 1957-yilda zavoddan chiqqan va O‘zbekiston fuqarolik havo floti boshqarmasiga berilgan. 1959-yil 14-dekabr kuni samolyot Afg‘oniston poytaxti Kobuldan Toshkentga parvoz qilgan. Uning bortida 5 nafar ekipaj a’zosi va 25 yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida 2 nafar Xitoy va 3 nafar Germaniya fuqarosi ham bor edi.
Avialayner Termizga qo‘nib o‘tgan. Ob-havo ma’lumotiga ko‘ra, havo yo‘lida 2000—2500 metr balandlikda qat-qat bulutlar bo‘lishi, qor yog‘ishi, ko‘rish masofasi taxminan 4—10 km bo‘lishi, tog‘lar bulutlar ostida yopilib qolishi kutilayotgandi. Samolyot 3600 metr balandlikka ko‘tarilib, shimol tomon uchgan. Ekipaj Darband ustidan uchib o‘tayotganini xabar qilganidan bir daqiqa o‘tgach, tog‘lar ortiga o‘tib, radiolokatorlar ekranidan yo‘qolgan. Shundan so‘ng ekipaj bilan aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan.
Bir oydan ortiq davom etgan qidiruv ishlari ham natija bermagan. Oradan 37 kun o‘tib, 1960-yil 19-yanvar kuni Kobuldagi SSSR elchixonasi 91577-raqamli bort yo‘qolganini rasman ma’lum qilgan. 6 oydan so‘ng, 1960-yil 2-iyunda Mi-1 vertolyoti Boysuntog‘ tizmasining Qushtang tog‘lari qiyaliklarida samolyot bo‘laklarini payqab qolgan. Samolyot 3700 metr balandlikda tog‘ning tik qiyaligiga 45—60 daraja burchak ostida avvaliga qanoti, keyin esa fyuzelyaji bilan urilgani, so‘ngra 200 metr pastlikka qulab, 3500 metr balandlikda qolib ketgani aniqlangan. Samolyot bortida bo‘lgan 30 kishining bari halok bo‘lgan.
Ekipaj belgilangan marshrut bo‘yicha uchmasdan, Darband va tog‘lar orqali to‘g‘ri Toshkentga uchishga qaror qilgan. Ular shamolni ham hisobga olmaganligi sababli samolyot belgilangan yo‘ldan chiqib ketib tog‘lar tomonga uchib ketgan. Halokat joyi trassadan 40—50 km o‘ngroqda joylashgandi. Komissiya tergov davomida ushbu hududda aviatashuvlar qoidabuzarliklari tez-tez buzilishi, uchuvchilar marshrutni tog‘li yo‘llar orqali o‘zgartirishi, aviadispetcherlar esa samolyotni trassaga qaytarishga urinmasligini aniqlagan.
Toshkent yaqinida Il-14 halokati. 1962-yil 6-iyul
Samolyot bortida bo‘lgan 38 kishidan 11 kishi halok bo‘lgan.1957-yilda Moskvada ishlab chiqarilgan Il-14 samolyoti 1962-yil 16-iyulda Toshkent—Samarqand—Buxoro—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchayotganida halokatga uchragan. Uning bortida 5 nafar ekipaj a’zosi va 33 yo‘lovchi bo‘lgan. Ekipaj samolyot Buxoro aeroportidan havoga ko‘tarilganidan yarim soat o‘tib, soat 10:35 da silindr porsheni kuygani tufayli o‘ng motor ishlamay qolganini ma’lum qilgan. Komandir Toshkentgacha 3000 metr o‘rniga 2400 metr balandlikda uchishga dispetcherdan ruxsat olgan. Ammo ekipaj 1500 metrgacha pastlagan. Toshkentga 120 km qolganda, Chordara hududida bort muhandisi ishlab turgan dvigatel buzilishidan xavotir olib, uning quvvatini pasaytirgan. Samolyot tezlik va balandlikni yo‘qota boshlagan. 200 metr balandlikda ekipaj ishlab turgan dvigatelning quvvatini oshirishga qaror qilgan. Yerga 100 metr qolganda komandir buzilgan motorni ishga tushirishga urinib ko‘rgan, ammo samolyot tezligi yanada sekinlashgan.
Soat 12:14 da Il-14 Toshkent aeroportidan 34 kilometr uzoqlikda, Yangiyo‘l shahri yaqinida 2,5 metrlik devorga urilib, so‘ng paxta dalasiga qulagan. Zarba natijasida fyuzelyaj uch qismga bo‘linib ketgan. Hodisa joyida 9 kishi halok bo‘lgan. Jarohatlar oqibatida yana 2 kishi kasalxonada vafot etgan. Ba’zi xorijiy manbalarda halokat oqibatida aslida 14 kishi halok bo‘lgani aytiladi.
Komandir samolyotni Buxoroga qaytarish yoki Navoiyga qo‘ndirish o‘rniga Toshkent sari parvozni davom ettirgani, parvozlarni boshqarish xizmati ham Buxoro yoki Navoiyga qo‘nish haqida tavsiya qilmagani halokatga olib kelgan asosiy sabablardan biri bo‘lgan.
Toshkentda Il-18 halokati. 1974-yil 24-iyun
Samolyot bortida bo‘lgan 114 kishidan 1 kishi halok bo‘lgan.Aeroflot kompaniyasining Samarqand—Toshkent—Sverdlovsk—Leningrad yo‘nalishida parvoz qilayotgan Il-18 samolyoti 1974-yil 24-iyunda Toshkent aeroportida halokatga uchragan.
Samolyot qismlaridan biri ta’mirlashga ehtiyoj tug‘ilgani uchun reysning Toshkentdan uchishi bir soatga kechikkandi. Il-18 uchish yo‘lagi bo‘ylab harakatni boshlaganidan 41 soniya o‘tib, u 230 km/soat tezlikka erishganida uning chetki o‘ng dvigateli qushlar galasi bilan to‘qnashgan. Ekipaj buni ko‘rmay qolgan. Bort muhandisi uskunalar orqali 4-dvigatel ishlamay qolganini ko‘rib, komandirga ma’lum qilgan. Yo‘lak oxirigacha 2100 metr qolganda uchuvchi parvozni to‘xtatishga qaror qilgan. Komandir uskunalarni aerodinamik tormozlash rejimiga o‘tkazishga buyruq beradi. Vintlar nol burchak ostiga o‘tishi uchun 10—12 soniya talab etilishini komandir hayajon tufayli unutib qo‘yadi.
Bortmexanik chap qanotdagi 1 va 2-vintlarni to‘xtatadi. Yo‘lak oxiriga 600 metr qolganda komandir avariyaviy tormozlashga buyruq beradi, ammo hech kim darhol uni yoqishga kirishmaydi. Bort mexanik tashabbus ko‘rsatib tormozni yoqadi, ammo oxirigacha emas. U avariyaviy tormozlashga e’tiborini qaratib, 3-vintni bo‘shatishni unutadi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi oxiriga 250 metr qolganda samolyot chap tomonga burila boshlaydi. Layner uchish yo‘lagidan chiqib ketganidan so‘ng bortmexanik 3-vintni eslaydi va barcha dvigatellarni to‘xtatadi. Tuproqli yo‘l bo‘ylab harakatlangan samolyot asfaltli yo‘llarni bosib o‘tgan, soatiga 50—100 km tezlikda Qorasuv kanali ustidan o‘tib, kanalning narigi qirg‘og‘iga urilgan. Zarba natijasida samolyot ikkiga bo‘linib ketgan.
Xavfsizlik kamarini taqmagan uch yo‘lovchi zarba oqibatida og‘ir jarohat oldi. Ulardan biri yo‘lovchi sifatida uchayotgan uchuvchi bo‘lgan. U kasalxonada vafot etgan va hodisaning yagona qurboni bo‘lib qolgan. Halokat oqibatida jami 22 kishi turli darajada jarohat olgan.
Uchquduq yaqinida Tu-154 halokati. 1985-yil 10-iyul
Samolyot bortida bo‘lgan 200 kishining barchasi halok bo‘lgan.1985-yil 10-iyul kuni Tu-154B-2 samolyoti Qarshidan Leningradga uchishi kerak edi. Reys Qarshidan uchgan paytida yarim tun bo‘lishiga qaramay, 33 daraja issiq edi. Samolyot to‘rt soat kechikib uchib ketgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari issiqdan toliqqandi.
Samolyot bortida 191 yo‘lovchi va 9 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida turli yoshdagi 52 nafar bola ham bor edi. Uchish massasi odatiy sharoitlar uchun normadan oshmagandi, ammo zichligi past bo‘lgan yuqori haroratda og‘ir samolyotning nominal rejimda ishlayotgan dvigatellari tortish zaxirasini kerakli miqdorda ta’minlab berolmaydi.
Samolyot 11 600 metr balandlikka ko‘tarilganidan so‘ng layner pastlashni boshlagan. Ekipaj dvigatellar ishlamay qolgani va vaziyatni nazorat ostiga olishga harakat qilayotgani haqida xabar bergan. Ammo uchuvchilarning barcha urinishlariga qaramay samolyot sho‘ng‘ishda davom etavergan.
153 soniyalik sho‘ng‘ishdan so‘ng Uchquduq shahridan 68 km uzoqlikdagi cho‘lga Tu-154 qulagan va yonib ketgan. Bortda bo‘lgan 200 kishining bari halok bo‘ldi.
Qora qutidan topilgan yozuvlarga ko‘ra, Tu-154 uchish ekspluatatsiyasi qo‘llanmasida tavsiya etilganidan pastroq tezlikda yuqoriga ko‘tarilgan. Balandlik 5300 metrga yetganidan so‘ng avtopilot yoqilgan va avtopilotda samolyot ko‘tarilishda davom etgan.
Samolyot silkinishni boshlagan paytda ekipaj vaziyatga to‘g‘ri baho bera olmagan hamda dvigatelni past gazga o‘tkazgan. Bu vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. Samolyot sho‘ng‘ishni boshlagan va undan chiqib ketishning hech qanday iloji qolmagan. Taxminlarga ko‘ra, issiqdan toliqqan uchuvchilar avtopilotni yoqib, uxlab qolgan. Uyg‘onganida vaziyatga to‘g‘ri baho berib, halokatning oldini olishga kech bo‘lgan.
Bu SSSR aviatsiyasi tarixidagi eng yirik aviahalokat bo‘lgan.
Toshkentda Yak-40 halokati. 1987-yil 16-yanvar
Samolyot bortida bo‘lgan 9 kishining bari halok bo‘lgan.1971-yil Saratovda ishlab chiqarilgan Yak-40 samolyoti 1987-yil 16-yanvarda Toshkentdan Shahrisabzga pochta yuklarini yetkazishi kerak edi. Bortga 1200 kg pochta va 35 kg qo‘l yuki yuklanib, salonga 4 yo‘lovchi joylashtirilgan.
Yuk ortish jarayoni sekin kechgan va tonggi soat 6:00 da yakunlangan. Samolyot jadval bo‘yicha 05:55 da uchishi belgilangan edi. Ekipaj avialaynerni parvoz uchun tayyorlaydigan texnologik operatsiyalarini 5 daqiqa o‘rniga 1,5 daqiqada amalga oshirgan. Yak-40 samolyoti yon yo‘lakdan Il-76TD samolyoti uchganidan 1 daqiqa 15 soniya o‘tib uchishga kirishgan. Samolyot yerdan 15—20 metr ko‘tarilgandan keyin chap tomonga og‘a boshlagan. Yak-40 soatiga 255 km tezlikda avvaliga qanoti, so‘ng esa fyuzelyaji bilan yerga urilib, portlab ketgan. Ekipajning 5 a’zosi va 4 yo‘lovchining bari halok bo‘lgan.
Halokat sabablarini o‘rgangan komissiya Il-76 samolyotining shamoli urilishi oqibatida Yak-40 og‘ib, halokatga uchraganini aniqlagan.
Navoiyda An-24 samolyoti halokati. 1991-yil 23-mart
Samolyot bortida bo‘lgan 63 kishidan 34 nafari halok bo‘lgan.1972-yilda Antonov zavodida ishlab chiqarilgan An-24RV samolyoti 1991-yil 23-mart kuni Toshkentdan Navoiyga uchgan. Uning bortida 4 nafar ekipaj a’zosi va 59 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Samolyot Navoiy aeroportiga yaqinlashganida ekipaj qo‘nish sxemasiga amal qilmagan, lekin dispetcherga amal qilayotganini bildirgan: 3000 metr balandlikda qo‘nish yo‘lagiga 19 km qolganda dispetcherga 2100 metr balandlikda va yo‘lakkacha 23 km qolganligi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Haqiqiy vaziyatdan bexabar bo‘lgan dispetcher esa sxema bo‘yicha 1500 metrgacha pastlashishga ruxsat bergan. Uchuvchilar samolyotni keskin vertikal 20 m/s tezlikda paslashtirgan va bu vaqtda tezlik soatiga 450 kilometrni tashkil qilgan.
Keyinroq qo‘nish yo‘lagidan 2400 metr balandlik va 18 km uzoqlikda ham dispetcherga 1500 metr balandlikda ekanligi haqida xato ma’lumot berilgan. Bunga javoban dispetcher uchinchi muyulishda 600 metrgacha pastlashishga ruxsat bergan. Avialayner ekipaji yopqichlarni vaqtida bo‘shatmagan hamda balandlikni o‘lchaydigan apparatni ishlatmagan.
Qo‘nish yo‘lagiga 30 metr qolganda soatiga 350 km tezlikda yaqinlashgan avialaynerning xavfsiz qo‘nish ehtimoli bo‘lmagan va ikkinchi aylanaga o‘tishi kerak bo‘lgan. Lekin ekipaj bunga rioya qilmagan. Samolyot shassisi yerga tekkanidan 10 soniya o‘tgach katta tezlik bilan kelayotgan samolyot qo‘nish yo‘lagi hududidan tashqariga chiqib ketgan. Aslida qo‘nish yo‘lagidan keyin xavfsizlik yo‘lakchasi bo‘lishi kerak edi, lekin u vaqtda aeroportda uchish-qo‘nish yo‘lakchasini uzaytirish ishlari olib borilayotgani sabab xavfsizlik yo‘lakchasi bo‘lmagan. Katta tezlikda kelgan samolyot qurilish maydonchasidagi ikki metrli betonga zarb bilan urilgan va shu zahotiyoq yonib ketgan. 4 ekipaj a’zosi 30 yo‘lovchi halok bo‘lgan.
To‘rtko‘lda Yak-40 aviahalokati. 1999-yil 26-avgust
Samolyot bortida bo‘lgan 33 kishidan 2 nafari halok bo‘lgan.1973-yilda ishlab chiqarilgan Yak-40 samolyoti 1999-yil 26-avgustda Toshkentdan Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahriga parvoz qilgan. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tegishli Yak-40 bortida 4 ekipaj a’zosi va 29 yo‘lovchi bo‘lgan. Samolyot To‘rtko‘l shahridagi aeroportga yaqinlashgan vaqtida trassa o‘qidan chetga chiqib ketgan. Dispetcher ekipaj trassadan chetga chiqib ketgani haqida ogohlantirmasdan ularning pastlashiga ruxsat bergan. Samolyot 500 metr balandlikkacha pastlaganida uchish-qo‘nish yo‘lagiga 4 km qolgandi. Ekipaj ikkinchi aylanaga ketish o‘rniga samolyotni keskin pasaytirishni boshlagan.
Bortmexanik va ikkinchi uchuvchi ikkinchi aylanaga ketishni maslahat bergan, ammo komandir pastlashda davom etgan. Samolyot yo‘lakning boshlanish qismiga yetganida yerdan 4–7 metr balandlikda va soatiga 250 km tezlikda uchayotgandi. Yo‘lakning boshlanish chegarasidan 965 metr o‘tib ketganidan so‘ng komandir ikkinchi aylanaga ketishga qaror qilgan. Komandir samolyotni daraxtlardan olib qochishga uringan, ammo elektr simlariga urilib, avialayner yerga qulagan. Samolyotga jiddiy shikast yetib, ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan.
Toshkentdagi Yak-40 halokati. 2004-yil 13-yanvar
Samolyot bortida bo‘lgan 37 kishining barchasi halok bo‘lgan.1975-yil Saratovdagi aviazavodda ishlab chiqarilgan Yak-40 samolyoti 2004-yilning 13-yanvarida Termizdan Toshkentga parvoz qilgan. Uning bortida 5 nafar ekipaj a’zosi va 32 yo‘lovchi bo‘lgan.
O‘sha kuni Toshkentga tuman tushgan va Janubiy aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi boshida ko‘rish imkoniyati 1300 metrni, yakunida 550 metrni tashkil etgan. Bu vaziyatda ekipaj uskunalar bo‘yicha qo‘nishga qaror qilgan. Samolyot 08L yo‘lagiga qo‘nishi kerak edi. Ekipaj dispetcherdan qo‘nishga ruxsat oladi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 2—2,5 km qolganda samolyot soniyasiga 1—1,5 metrga pastlay boshlaydi, bu belgilangan me’yordan ancha past hisoblanadi. Yerga 30—40 metr qolganda ekipaj yo‘lak chiroqlarini ko‘rgan va qo‘nishga qaror qilgan. Dvigatellar past gazga o‘tkazilgan. So‘nggi lahzada uchuvchilar aslida yo‘lakdan o‘tib qo‘nayotganini tushungan va ikkinchi aylanaga ketishga qaror qilgan.
Soat 19:27 da avialayner tuproqqa tekkach, samolyot biroz harakatlangan. Havoga ko‘tarilishi bilan o‘ng qanoti temirbetonli inshootga urilgan, keyin esa aeroportning beton devorini buzib o‘tib, Qorasuv kanaliga qulagan va yonib ketgan.
Samolyot bortida bo‘lgan barcha — 32 erkak, 4 ayol va bir bola halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Richard Konroy ham bo‘lgan. Bu 1991-yildan beri O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan eng katta aviahalokat hisoblanadi. 15-yanvar O‘zbekistonda motam kuni deb e’lon qilingan.Harbiylar ishtirokidagi aviahalokatlar
Toshkent yaqinida An-2 samolyoti halokati
2006-yil 19-oktabrda “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga qarashli An-2 samolyoti O‘rta Chirchiq tumanidagi Aranchi aerodromidan ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib yerga qulagan. Uning bortida bo‘lgan ikki uchuvchi va o‘quv-mashg‘uloti doirasida parashyutdan sakrashga hozirlik ko‘rayotgan 13 harbiy halok bo‘lgan.
Hukumat komissiyasi hisobotiga ko‘ra, An-2 parvozning uchinchi daqiqasida quyuq tumanga tushib qolgan. Parvoz rahbari uchuvchilarga 50 metr balandlikka ko‘tarilishga buyruq bergan, ammo uchuvchilar pastlab uchib, tuman ostidan o‘tib ketishga uringan va yerga urilgan.
Harbiy sud tomonidan chiqarilgan hukmda An-2 ekipaji komandiri stajyor bo‘lgani, desant tushirish uchun samolyotni boshqarishga maxsus ruxsatnomasi yo‘qligi, u komandir sifatida 50 soat faqat qishloq xo‘jalik ishlarida uchgani aytiladi.
Sud xizmatga sovuqqonlik bilan qaragani uchun sakrashlar bo‘yicha rahbar podpolkovnik Baxtiyor Rajabovni 3 yilga, parvozlar bo‘yicha boshliq Anvar Nabiyevni 5 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Jinoyat kodeksining 301-moddasi (Hokimiyat suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi)da aybdor deb topilgan Mudofaa vazirligi parvozlar xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ismoil Solihov 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Amnistiyaga muvofiq Baxtiyor Rajabov va Anvar Nabiyev jazoni o‘tashdan ozod etilgan bo‘lsa, Ismoil Solihovning jazo muddati 2 yilgacha qisqargan.Chirchiqda Mi-24 halokati
2009-yil 23-iyulda o‘quv parvozini amalga oshirayotgan Mudofaa vazirligiga qarashli Mi-24 samolyoti halokatga uchragan. Avariya oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.Farg‘onada Mi-171 halokati
2016-yil 18-oktabr kuni Farg‘ona viloyati hududida Mudofaa vazirligining reja asosida parvoz qilgan Mi-171 vertolyoti halokatga uchragan. Vertolyot qulagani haqida hodisadan bir kun o‘tib rasman ma’lumot berilgan. Halokat oqibatida uch ekipaj a’zosi va vertolyotda bo‘lgan olti harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Hodisa oqibatida kimlar qurbon bo‘lgani haqida rasmiy axborot berilmagan. Aviahalokatdan 1,5 yil o‘tib qurbonlardan birining ismi e’lon qilingan. Mayor Elyor Choriyev o‘limidan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Dilshod Sharipov va Gulira’no Musayeva tayyorladi
Izoh (0)