Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxan Gebreisus Pekinga ketayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”.
Gebreisus u yerda Xitoy rasmiylari va sog‘liqni saqlash sohasidagi ekspertlar bilan koronavirusni muhokama qiladi.
Butunjahon sog‘liqni saqlash direktorining ma’lum qilishicha, u “keyinchalik kasallikdan himoyalanish uchun” Xitoy bilan “hamkorlikni mustahkamlash” niyatida. Xitoyda 2 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, halok bo‘lganlar soni 80 kishiga yetgan.
Xitoyning Uxan shahri koronavirus o‘chog‘i hisoblanadi, bu va yana bir necha shahar karantinga yopilgan. Avvalroq Xitoy rahbari Si Szinpin koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni “murakkab” deb atab, kasallikning tarqalish sur’ati oshganini tan olgan edi.
O‘zbekistonda hozircha koronavirus bilan kasallanish holatlari rasman qayd etilgani yo‘q. Mamlakat aeroportlarida kasallikka qarshi xavfsizlik choralari ko‘rilgan, xususan, kuni kecha Xitoydan qaytarib olib kelingan o‘zbekistonlik talabalar aeroportning o‘zidayoq jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)