Xitoyda tarqalgan yangi koronavirusning ilk alomatlari shamollashdagi kabi bo‘ladi. Bu haqda Yaponiyaning NHK telekanali xabar bermoqda.

Foto: NHK

Bu asosan tana haroratining ko‘tarilishi va yo‘tal hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu kasallik dastlabki bosqichda boshqacha ko‘rinishda ham namoyon bo‘lishi mumkin.

Virus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahrida u qo‘zg‘aydigan pnevmoniyadan kasallanganlar ko‘plab kuzatilmoqda. Biroq shifoxonalarga murojaat qilganlarning ko‘pchiligi isitma va yo‘taldan shikoyat qilmagan.

Yangi turdagi pnevmoniyadan kasallanganlardan birida 3 kun davomida ichburug‘ kuzatilgan va u shu muammo bilan shifoxonaga kelgan. Unda koronavirus borligi kompyuter tomografiyasi va qo‘shimcha tahlillar natijalari olingandan keyingina aniqlangan.

Shifokorlar koronavirusning birlamchi alomatlari orasida nafaqat isitma va yo‘tal, balki ovqat hazm qilish va asab tizimidagi turli buzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ham ogohlantirmoqda. Jumladan, gap oshqozon faoliyati buzilishi, ko‘ngil aynish, bosh og‘rig‘i va umumiy holsizlik haqida bormoqda.