Ruminiya kondukatori Nikolaye Chaushesku eng qattiqqo‘l communist diktatorlaridan biri hisoblanadi. U Ruminiyani halokat yoqasiga olib kelib qo‘ygan edi. Lekin, SSSR, Chexoslovakiya va Vengriyadan farqli ravishda, rumin xalqining qo‘zg‘oloni muvaffaqiyatli yakunlandi va diktator tirikligidayoq jazosini oldi.
“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov Chausheskuning siyosiy yo‘li haqida hikoya qiladi.
“Karpat dahosi”, “aql daryosi”, “misli ko‘rilmagan yangilanish davrining yaratuvchisi”, “bizning nurimiz manbai”, “qahramonlar qahramoni”, “ishchilar ishchisi” – bu sotsialistik Ruminiya prezidenti, rasman kondukator – daho unvonini olgan Nikolaye Chausheskuga sodiq jurnalistlar va partiya amaldorlari ishlatgan “paxta”larning noto‘liq ro‘yxati. Ruminiyaning asosiy kommunistiga qaratilgan bunday baholar mamlakatining barcha aholisi diktator haqida shunday fikrda ekaniga uni ishontirdi.
Bunday munosabatga o‘rgangan Chaushesku 1989-yilning dekabr oyida Ruminiyada boshlangan inqilobdan qattiq hayratda qoldi. Diktator tinmay xalqini noshukurlikda ayblay boshladi. Armiyaga namoyishchilarga qarata o‘q uzishni buyurdi. To‘qnashuvlarda 1 104 kishi halok bo‘ldi.
Chaushesku undan minnatdor bo‘lishi kutilgan xalq isyon boshlashi, armiya ham xalq tarafiga o‘tib ketishi mumkinligiga oxirigacha ishonmadi. Bundan ham ko‘proq uni va rafiqasi Yelenani armiyadagilar o‘limga hukm qilishiga ishonmagan edi. Harbiy tribunal sudyalari er-xotinni milliy iqtisodiyotni parchalanishda, davlat institutlarini yo‘q qilishda, katta miqyosdagi o‘g‘irlik va o‘z xalqining genotsidida aybladi.
Moskvaga bo‘ysunmagan kommunist
Sotsialistik lagerda Ruminiya alohida o‘rin egallardi. Urushdan keyingi yillardagi Ruminiya yetakchisi George Georgiu-Dej 1957-yildayoq mamlakatdan Sovet qo‘shinlari olib chiqilishiga erishdi. 1965-yilda uning o‘rniga kelgan Chaushesku ham Moskva bilan munosabatda katta erkinliklarga erishdi. Chaushesku 1968-yilda Buxarestda o‘tkazilgan ommaviy mitingda SSSR va ittifoqchilarining Chexoslovakiyaga qarshi harbiy tajovuzini ochiqchasiga qoraladi.
Mavzuga doir:
Sovet qo‘shinlari tomonidan qonga botirilgan “Praga bahori”. O‘shanda nima bo‘lgan edi?
Chaushesku faqat partiya kurslarida olgan boshlang‘ich to‘rt yillik ma’lumotga ega bo‘lgan xolos. Bundan tashqari, u gapirayotganda duduqlanardi. Aslida u Ruminiyada birinchi raqamli kommunistga aylanishi kutilmagan holat edi. O‘sha davrdagi Ruminiya siyosatining nufuzli shaxslari Chausheskuni birinchi rollarga qo‘ydi, chunki 47 yoshida u juda shuhratparast bo‘lib ko‘rinmagan edi. Biroq 1974-yilga kelib bu odam mamlakatda hokimiyatni to‘laligicha qo‘liga to‘pladi va umrbod prezidentga aylandi.
Er-xotin = yakka hokimiyat
Ruminiya kommunistik partiyasi rahbari bo‘lgach, dastlabki ikki yilda Chaushesku o‘zini sipo tutdi, keyin esa raqiblarini yo‘q qila boshladi. 1978-yilda AQShga qochgan Ruminiya xavfsizlik xizmati generali Ion Pachepaga ko‘ra, “Karpat dohiysi” ikki asosiy raqibi – George Apostol va Kivu Stoykalarni yengillik bilan yo‘lidan olib tashladi. Birinchisi uyida “burjua uslubidagi” ziyofatlar uyushtirishda ayblanib, lavozimi pasaytirilib, kasaba uyushmalari safida ishlash uchun yuborildi. Ikkinchisi esa jiyanini o‘ynash qilib olganlikda gumon qilinayotgan edi. Shu sabab bilan u 70-yillar boshida barcha lavozimlardan mahrum qilindi. 1975-yilda Stoyka ov miltig‘idan olingan jarohat bilan o‘lik holda topildi – rasmiy versiya joniga qasd qilish edi.
Chaushesku eski kadrlarni almashtirib, ularning o‘rniga qarindoshlari va do‘stlarini tayinladi. Rafiqasi Yelena nafaqat birinchi xonim, balki partiya rahbariyati a’zosi ham edi. Yelena hukumat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida mamlakatni boshqarardi. Bu ayol oliy ma’lumotga ega bo‘lmasa-da, kimyo bo‘yicha ilmiy darajaga ega edi. Bundan tashqari, Chausheskuning rafiqasi Ruminiya Fanlar akademiyasini ham boshqarardi.
Didsiz hashamat
Totalitar tuzumlarga xos gigantomaniya ruminiyalik er-xotin misolida namoyon bo‘ldi. Chaushesku g‘oyasiga binoan Buxarestda davlat idoralari va parlament uchun ulkan Xalq uyi qurildi. Bu AQShdagi Pentagondan keyingi dunyodagi ikkinchi eng katta ma’muriy bino hisoblanadi. Ruminiyalik me’morlar g‘oyasi shunchalik ulug‘vor ediki, Xalq uyi shu paytgacha to‘liq qurib bitkazilmadi.
Saroyni bezatish uchun 1 million kvadrat metr marmar, 3,5 ming tonna billur, 200 ming kvadrat metr gilam ishlatildi. Bino ostida, 92 metr chuqurlikda yer osti xonalari joylashgan bo‘lib, u yerda yadro urushi yoki 8 balli zilziladan yashirinish mumkin.
Ruminiya elitasini o‘rab turgan hashamat juda didsiz edi. Yelena Chaushesku mebel dizayneri Kamil Roguskiga Yugoslaviya lideri Iosip Broz Titoning kabinetida ko‘rganidek ish stoli buyurdi. “Ammo men Titoning stolini ko‘rmagan edim, – eslaydi Roguski. – Yelenaning tasvirlashi orqali 16 ta eskiz chizdim va u eng xunugini tanladi”.
Ruminiya rahbari kundalik hayotda ham o‘zini boshqacha tutardi. Yoshi o‘tishi bilan unda toksikofobiya – zaharlanishdan qo‘rqish rivojlandi. Hatto hukumat yig‘ilishlarida qo‘l berib ko‘rishgandan yoki biror narsaga tegingandan keyin Chaushesku spirt bilan qo‘lini dezinfeksiya qilardi. Xorijiy safarlarda Ruminiya rahbariga mini-laboratoriya va kimyogar hamrohlik qilar, u tushlikka tortilgan ovqatlarni tekshirib ko‘rardi.
Inqiroz
Dastlab Moskvaga qarshilik ko‘rsatgani uchun kapitalistik Yevropa Chausheskuni ijobiy qabul qildi. Ruminiya AQSh prezidenti Richard Nikson tashrif buyurgan birinchi sotsialistik mamlakat bo‘ldi. Bu esa Buxarestga xalqaro bozordan kredit olish, bu, o‘z navbatida, asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan mamlakatga rivojlanish imkonini berdi. Ruminiya bu masalada muvaffaqiyatga erishdi – unga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kredit berdi. Neft mamlakatga barqarorlik qo‘shdi, Ruminiya Yevropada neft qazib olishda Sovet Ittifoqidan keyin ikkinchi bo‘ldi.
Chaushesku SSSR rahbari Mixail Gorbachyov 1980-yillar o‘rtasida boshlagan qayta qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi, chunki buni burjua tizimiga qaytish deb hisobladi. U davlatini qattiq kommunistik tizimda ushlab turgan sotsialistik lagerning yagona lideri bo‘lib qoldi.
1980-yilda “xalqining sodiq o‘g‘li” to‘satdan G‘arb kreditlaridan voz kechib, eski kreditlarni imkon qadar tezroq qaytarishga qaror qilmaganida balki hammasi yaxshi bo‘lardi. 1983-yilda Chaushesku hatto kelajakda har qanday tashqi qarz olishni taqiqlash to‘g‘risida xalq referendumini o‘tkazdi.
O‘n yillikning oxiriga kelib Chaushesku ulkan rejasini bajarib, 21 milliard dollar tashqi qarzni to‘ladi. Diktatorning o‘zi uchun bu muvaffaqiyatli g‘alaba edi. Ammo bu ishni amalga oshirish uchun u mamlakat iqtisodiyotni sun’iy inqirozga kirgizdi.
Neftdan umid yo‘q edi – uning narxi o‘sha paytda halokatli tarzda tushib, bir barrel uchun 10 dollarga teng bo‘lib qolgandi. Natijada mamlakatga valyuta kirishi uchun hatto ichki ehtiyojlar zarari evaziga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Yana bir zaxira mamlakatda ko‘p yillar davomida e’lon qilingan tejash siyosati edi. Uylarda yorug‘lik uchun 15 vattdan oshmaydigan lampochkalarni ishlatish majburiy qilib belgilandi. Televideniye kuniga ikki soatdan ishladi. Qishda muzlatgichlardan foydalanish taqiqlandi – mahsulotlar deraza tashqarisidagi tokchalarda saqlanishi kerak edi. Bir necha oy davomida issiq suv bo‘lmasdi. Ko‘pincha sovuq mavsumda ham isitish tizimlari ishlamasdi.
To‘yib ovqatlanmaslik va gipotermiya tufayli mamlakatda bolalar o‘limi sezilarli darajada oshdi. Statistikani buzmaslik uchun mamlakatda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni bir yilgacha ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi.
Shu bilan bir qatorda hukumat “sekuritate” deb nomlanuvchi maxfiy politsiyani misli ko‘rilmagan darajada mustahkamlashga kirishdi. Ruminiyalik tarixchilar ta’kidlashicha, 1980-yillar oxirida mamlakatning har to‘rtinchi katta yoshli vakili sekuritate bilan shtat asosida yoki ko‘ngilli ravishda hamkorlik qilgan.
Qo‘zg‘olon
1989-yil 16-dekabrda Ruminiyaning g‘arbiy qismida joylashgan Timishoara shahrida venger millatiga mansub ruhoniy Laslo Tekesh inson huquqlarini himoya qilish uchun namoyish o‘tkazdi. Tartibsizliklarning global sababi asosan vengerlar yashaydigan mahalliy qishloqlarni tugatish haqidagi hukumat qarori haqidagi mishmishlar bo‘ldi. Ularning o‘rnida yangi qishloq xo‘jaligi komplekslarini yaratish rejalashtirilgan edi. Namoyishning o‘zi hukumat vakillari ruhoniyni uyidan haydab chiqarishga urinishi sababli boshlandi. Mahalliy aholi – etnik vengerlar bunga qarshi chiqdi.
Keyin aksilkommunistik shiorlar kuchga kirdi va boshqa ruminiyaliklar ham norozilik namoyishlariga qo‘shila boshladi. 17-dekabrga o‘tar kechasi xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi suv to‘plarini, keyin esa qurollarni ishlatdi. To‘qnashuvlar natijasida kamida 40 kishi qurbon bo‘ldi.
Matbuotdagi to‘liq senzura va televideniye yo‘qligi oqibatida turli mishmishlar aholini g‘azablantiradigan dahshatli tafsilotlar bilan tarqalgan edi. Ko‘p o‘tmay butun mamlakat bo‘ylab “Yo‘qolsin Chaushesku!” shiori ostida norozilik namoyishlari boshlandi. Ular poytaxtga yetib keldi.
Bunday vaziyatda Chaushesku armiyaga suyanishga harakat qildi. Uning ishtirokidagi favqulodda yig‘ilishlardan birining stenogrammasi saqlanib qolgan.
“Sizlar xoinlarsizlar – deb baqirdi yetakchi. – Nega askarlarda jangovar o‘q-dori yo‘q?” Harbiy vazir: “Qurolsiz aholiga qarata o‘q uzish mumkinmi?” Chaushesku askarlarga o‘q dori tarqatishni, namoyishchilarning boshlari uzra va oyoqlariga otishni buyurdi.Biroq harbiylar tezda qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketdi. Ular ham aslida rejimga nisbatan nafrat his qilardi – armiyadagilarni maoshi kam, askarlar yaxshi ovqatlantirilmas va ko‘pincha qurilishda yoki hosil o‘rim-yig‘imida ishlatilardi.
22-dekabr kuni Buxarestda kommunistlar hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi miting uyushtirishga harakat qilishdi. Chaushesku va uning rafiqasi xalqqa murojaat qilish uchun hukumat binosi balkoniga chiqdi. Ammo birdan olomon shovqin-suron qila boshladi. Chaushesku xaloyiqni tinchlantirishga harakat qildi, ammo axiyri binoga yashirinib oldi. Bu orada hukumatga qarshi faollar bilan politsiya va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.
“Buzrukning kuzi”
Ertasi kuni prezident va uning rafiqasi shoshilinch ravishda “Xalq uyi”ning tomidagi vertolyotga o‘tirib, poytaxtni dan tark etdi. Ular Tirgovishte shahriga yetib keldi. U yerda mahalliy ishchilar Chaushesku mashinasini toshbo‘ron qilishni boshladi. Keyinchalik harbiylar shahar yaqinidagi avtomobil yo‘lida Chaushesku mashinasini ushlab, prezident va uning rafiqasini hibsga oldi.
Diktator o‘zining do‘sti deb hisoblagan general Viktor Stenkulesku nafaqat sobiq xo‘jayinni hibsga oldi, balki uning ustidan sud ham tashkil qildi. Sud Tirgovishte qirollik kazarmalarida bo‘lib o‘tdi.
Sud jarayoni davom etar ekan, Nikolaye va Yelena oddiy armiya yeguliklari bilan oziqlandi. Chausheskuga qora non olib kelishganida u bu nonni iste’mol qilishdan bosh tortdi.
Uch kun o‘tgach, 25-dekabr kuni sud prezident va uning rafiqasini otuv orqali o‘lim jazosiga hukm qildi. Stenkulesku hukmni amalga oshirishni istagan yuzlab harbiy xizmatchi ichidan uch desantchini tanladi. Ular diktator va ayolini devor yoniga keltirib, otib tashladi. Ularning qatli aks etgan videotasvir butun dunyoga tarqadi.
Ular Ruminiya tarixidagi so‘nggi qatl etilgan odamlar bo‘ldi – 1990-yil 7-yanvarda mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilindi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)