O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo Chempionati—2020 musobaqasining uchinchi o‘rini uchun kechgan bahsda Avstraliyaga yutqazib qo‘ydi (0:1) va Olimpiadaga chiqish imkoniyatidan quruq qoldi.
O‘yindan so‘ng o‘zbekistonliklar bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdek imkoniyatni qo‘ldan boy berdik. Hozir o‘yin haqida biror gap aytishim qiyin. Umuman olganda jamoam yaxshi o‘yin ko‘rsatmadi. Avstraliya yaxshi jamoa. Ular ikkinchi bo‘limni yomon boshlamadi. Goldan keyingi qizil kartochka ahvolimizni butunlay yomonlashtirib tashladi. Meni fikrimcha, bu qizil kartochkaga tortadigan vaziyat emas edi. Bugun biz mag‘lub bo‘ldik. Hech narsa ayta olmayman. Aslida musobaqani yomon o‘tkazmadik”, — dedi Lyubinko Drulovich.
— O‘zbekistondagi missiyangiz yakunlanmoqda. Kelajakdagi rejangiz qanday?
— To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston U-23 bilan shartnomam shu oyda yakuniga yetadi. Shogirdlarimning musobaqadagi ishtirokidan ko‘nglim to‘ldi. Yigitlar musobaqada borini berib o‘ynagani uchun ularga rahmat aytib qolaman.
– Terma jamoa oxirgi o‘yinlarda yaxshi o‘ynadi-ku, yakun ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Bunga qanday izoh bera olasiz?
– Ha, oxirgi o‘yinlarda kichik vaziyatlarda imkoniyatni qo‘ldan boy berdik. Afsuski, oxirgi ikki o‘yin 0:1 bilan yakunlandi. Ikkala o‘yinda ham ancha vaziyat yaratgan bo‘lsak ham, undan foydalana olmadik. Endi yigitlar buni tezroq unutishlari kerak.
– Murabbiy sifatida xatoyingiz nimada bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
– Qizil kartochka olgan Oybek Bozorovni tushirganimdan keyin 5 daqiqa o‘tib qizil kartochka oldi. Gol urish, vaziyatni yaxshilash uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildik. Shunday narsalar borki, hatto uni murabbiy ham nazoratiga ololmay qoladi.
– Bunday natijadan keyin ba’zi tanqidlarni qabul qilishga tayyormisiz?
– Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. 40 yildan beri futbol ichidaman. Har qanday holatda ham mag‘lub bo‘lganingizda tanqidlar bo‘ladi. Ijobiy va salbiy tanqidlarni professionallardek qabul qilish lozim.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)