23-yanvar, payshanba kuni soat 03:30 da Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Qarshi shahridagi “Shodlik” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risidagi ma’lumot kelib tushdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur binoda istiqomat qiluvchi fuqaro qo‘shnisining uyidan tutun chiqayotganligini ma’lum qilgan.
Murojaat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tuman yong‘in-qutqaruv guruhlari soat 03:36 da yetib borib, yong‘in soat 03:39 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qutqaruv jarayonida uy egasi P.T. tutundan zaharlanishi oqibatida hushsiz holatda aniqlangan va xavfsiz hududga olib chiqilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Izoh (0)