Xitoy 2020-yil oxiriga kelib mamlakatdagi yirik shaharlarda, 2022-yilda esa barcha shahar va aholi maskanlarida plastik paketlardan foydalanishni taqiqlaydi, deb xabar bermoqda Meduza.
Ma’lum bo‘lishicha, Xitoy rasmiylari plastik ishlab chiqarilishi, savdosi va foydalanish bo‘yicha yangi dasturni ishlab chiqdi. Xitoyning turli qismlarida va plastikning turlariga ko‘ra taqiq kuchga kirishi bo‘yicha turlicha muddat belgilangan.
Masalan, 2020-yil oxiriga kelib plastik naychalardan foydalanish butun mamlakat bo‘ylab, restoranlardagi plastik buyumlar esa faqat yirik shaharlardagina taqiqlanadi. Bir martalik idishlarda yetkazib berish savdosi ham 2025-yilga kelib to‘xtatiladi.
2020-yil oxiriga kelib yirik shaharlardagi aksariyat do‘konlarda bir martalik yupqa paketlardan foydalanish noqonuniy deb topiladi, kichik shaharlarda esa 2022-yilgacha foydalaniladi. Shuningdek, 2025-yilga kelib mehmonxonalar bir martalik plastik buyumlar taqdim etishni, pochta esa jo‘natmalarni plastik qadoqlarga o‘rashni to‘xtatadi.
Science jurnalining 2015-yilgi tadqiqotiga ko‘ra dunyo okeanidagi barcha plastik chiqindilarning 28 foizi katta ehtimol bilan Xitoyga to‘g‘ri keladi. Plastik chiqindilar okeanga qirg‘oqlar yaqinidagi axlattepa va poligonlardan tushadi, har yili 8 million tonna plastik oqiziladi.
Avvalroq Pokistonda bir martalik plastik paketlar taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab plastik xaltalarni bepul tarqatish taqiqlangandi.
Izoh (0)