Ko‘pincha odamlar xatti-harakatlari bilan boshqalarga namuna bo‘lishi mumkin bo‘lgan yoki mamlakat, san’at, fan va kelajak uchun foydali ishlar qilgan tarixiy shaxslarning hayoti bilan qiziqadi. Ammo ijodi bilan emas, jinoyatlari bilan shuhrat qozongan, shunga qaramay, jamoatchilikka qiziq bo‘lgan bir qator insonlar ham bor. Ular turli sabablarga ko‘ra “qora afsona”ga aylangan jinoyatchi va mafiyachilardir.
17-yanvar ana shunday jinoyatchilardan biri – Al Kapone tug‘ilgan kun. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov uning hayoti haqida hikoya qiladi.
Insoniyat tarixidagi eng taniqli jinoyatchilardan biri Alfonso Gabriel Kapone bo‘lib, uni odatda qisqartirilgan nom bilan Al Kapone deb atashadi.
U AQSh tarixidagi “Quruq qonun” (alkogol mahsulotlari sotilishi va ishlab chiqarilishini butkul taqiqlanishi) va Buyuk tushkunlik davridagi uyushgan jinoyatchilikning asoschilaridan biri, pul yuvish tizimlari va reketchilik muallifi hisoblanadi. Ammo Kapone nomi tarixda “Avliyo Valentin kunidagi qirg‘in” deb nomlangan shov-shuvli qotilliklar seriyasi bilan bog‘liq bo‘lib qolaveradi.
Al Kaponening tarjimai holi uning ajdodlari bilan, aniqrog‘i italyan qoni bilan bevosita bog‘liqdir. Gabriel va Tereza Kaponelar Italiyadan AQShga ko‘chib o‘tgan va Nyu-York shahri atrofidagi Uilyamsburg deb nomlangan yerga joylashgan. Ularning o‘g‘li Alfonsoning butun hayoti italiyan mafiyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi.
“Chandiq yuzli odam”
Al Kapone 1899-yilning 17-yanvar kuni tug‘ilgan. U oiladagi to‘qqiz farzandning eng kichigi edi. Bolaligidanoq keskin qo‘zg‘aluvchi fe’l-atvori o‘zini namoyon qila boshladi. Bugungi kunda bunday bolalar albatta psixiatrning bemorlari qatorida bo‘ladi va ehtimol jinoiy doiraga tushib qolmaydi, ammo Al Kapone bolaligida bunday narsalarni hech kim o‘ylamagan. Shuning uchun Alfonso ulg‘aygani sari uning tajovuzkorligi ham kuchayib bordi.
Birinchi sinfligidayoq u sinfdoshlari va hatto o‘qituvchilariga baland ovozda so‘kinardi. Oltinchi sinfligida esa hatto o‘qituvchisiga qo‘l ko‘tardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Alfonso maktabni tashlab, kelajakda Nyu-Yorkning taniqli “Besh nuqta” deb nom oladigan mafiya guruhiga kiradigan mahalliy jinoyatchilar to‘dasiga qo‘shildi.
To‘dadagi mayda jinoyatchi yoshlar asosan tovlamachilik va noqonuniy qimor o‘yinlari bilan shug‘ullangan. Bu mashg‘ulotni yashirish uchun Kapone Harvard Inn tungi klubida qo‘riqchilik qilgan, shuningdek, professional bilyard o‘yinchisi sifatida ishlagan.
Al Kaponening bo‘yi unchalik baland emas – bor-yo‘g‘i 170 santimetr, lekin tanasi juda katta va baquvvat edi. Aytgancha, Kaponening yuziga chandiq “sovg‘a” qilgan katta janjal ham aynan bilyard klubida bo‘lib o‘tgan. U klubdagi qizlardan biriga qo‘polroq muomalada bo‘lgan, ayol esa zalda o‘tirgan gangsterning xotini bo‘lib chiqqan. Voqealar rivoji esa albatta klassika...
Pichoqbozlik boshlanib ketgan va Alfonso yuzidan jarohat olgan. Bu voqeadan mafiyaning kelajakdagi rahbari uyalardi, shuning uchun u muqobil variantni o‘ylab topgan: chandiq go‘yoki Birinchi jahon urushi davridagi janglarda ishtirok etgan paytida paydo bo‘lgan. Aslida Kapone nafaqat jang qilmagan, balki umuman armiyada xizmat qilmagan.
18 yoshli Alfonso Kapone Nyu-York shahar politsiyasi tomonidan ko‘plab jinoyatlarda, shu jumladan ikkita qotillikda gumon qilingan. Shu sababli yigit baxtini boshqa shahardan izlashga qaror qildi va Nyu-Yorkdan Chikagoga ko‘chib o‘tdi.
Mafiya sardori
Yangi joyda yosh Al shahar chekkasidagi fohishaxonalarning birida sutenyorlik (qo‘shmachilik) bilan shug‘ullangan. 30-yillar Chikagosidagi gangsterlar orasida bu eng kamsituvchi kasb hisoblanardi, ammo Kapone buni nihoyatda katta foyda keltiradigan ishga aylantira oldi. U oddiy fohishaxonani to‘rt qavatli muhtasham The Four Deuces bariga aylantirdi. Bu yerda pivo zali, totalizator, kazino va fohishaxona qavatma-qavat joylashgan edi. Dastlab arzon va ko‘zga tashlanmas nuqta bo‘lgan bu joy tezda yiliga 35 million dollar foyda beradigan korxonaga aylandi. Bugungi pulga hisoblanadigan bo‘lsa, bu yiliga taxminan 420 million dollarni tashkil etadi.
Shuning uchun 26 yoshli Al Kapone ustozi, Chikago mafiyasining oldingi rahbari Jonni Torrio (“Tulki”) iste’foga chiqqanidan so‘ng butun jinoiy imperiyaning egasiga aylangani ajablanarli emas. Yangi e’lon qilingan boss birinchi bo‘lib ishni – shu paytgacha jinoyat olamiga noma’lum bo‘lgan reket qilish tushunchasini kiritishdan boshladi. Ya’ni ishbilarmon va tadbirkorlardan unga katta miqdorda tovon to‘lab turishini, buning evaziga esa ularni boshqa to‘dalardan va ba’zan politsiyadan himoya qilishini aytdi. Ishbilarmonlar buni rad etsa, ularning korxonalari yoki o‘zlari “yo‘qolib” qolishi mumkinligi bilan tahdid qilinardi. Shuningdek, mafiya ko‘p yillar o‘tgach “pul yuvish” deb nomlanadigan soxta hiyla-nayrang tizimini ilk bor ishlatdi, politsiya va hatto yuqori martabali siyosatchilarni pora evaziga “sotib oldi”. Aytgancha, “pul yuvish” sxemasining ixtirochisi ham Alfonso Kapone hisoblanadi.
Pul qanday yuviladi?
Gap shundaki, uning shaxsiy biznesi AQShda o‘sha yillarda taqiqlangan spirtli ichimliklar kontrabandasi bilan bevosita bog‘liq edi. Bu noqonuniy daromadni esa qonuniylashtirish kerak edi. Buning uchun mafiya aholiga kir yuvish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tarmoqlarni ochdi. Bu shoxobchalarda xizmatlar narxi shunchalik past bo‘lganki, mijozlar sonini hisoblab bo‘lmasdi. Shunga ko‘ra, aslida spirtli ichimliklar savdosidan olingan katta foyda hujjatlarda rasmiy ravishda kir yuvish shoxobchalaridan kelgan qilib ko‘rsatilardi. Bu usul “pul yuvish” deb nomlangan, lekin atama Al Kapone vafotidan keyin o‘nlab yillar o‘tib keng ishlatila boshlangan.
Sevishganlar kunidagi qatliom
Al Kapone mafiyasining ajralib turadigan xususiyati – to‘xtovsiz jinoiy “muzokaralar” bo‘lib, ular odatda biror-bir gangsterning o‘limi bilan yakunlanardi. Kapone “hukmronligi”ning dastlabki besh yilida otishmalarda besh yuzdan ortiq oddiy gangster o‘lim topgan. Alfonso Chikagoda irland, rus va meksikan to‘dalarini yo‘q qilib, italyanlarni raqobatdan xalos qildi. Italiyalik gangsterlar uchun odatiy bo‘lgan to‘pponchalarni yengil avtomatlarga, so‘ngra pulemyotlarga almashtirish ham undan chiqqan fikr edi.
Shuningdek, uning roziligi bilan mashinaga o‘tirgan inson kalitni buraganidan so‘ng mashinani portlatib yuboradigan – avtomobilning starteriga ulanadigan portlovchi moslamalar ishlatilgan. Bir qator raqobatchi gangsterlarning yo‘q qilinishiga qaratilgan qotilliklar seriyasi “Avliyo Valentin kuni qatliomi” sifatida tanilgan. Bu 1929-yil 14-fevralda to‘dalardan birining viski saqlaydigan garajida boshlandi. Kaponening politsiyachilar formasini kiyib olgan odamlari garajga bostirib kirdi, ularni ko‘rgan raqib to‘da vakillari “qonun himoyachilari”ga qarshilik ko‘rsatmadi va qo‘lini boshiga qo‘yib, devorga tisarildi. Ammo ular hibsga olinish o‘rniga voqea joyida otib tashlandi.
Bunday dahshatli qotilliklar yana bir necha bor takrorlandi. Ushbu epizodlarda Kaponeni ayblash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri dalillar yo‘q edi, shuning uchun Kapone va uning odamlari jazodan qutulib qoldi. Aslida politsiya bu ommaviy otishmalar uchun hech kimni jazolamagan, bu huquq-tartibot idoralariga Al Kaponening qo‘li qanchalik uzun kirib borganini isbotlaydi. Biroq aynan “Sevishganlar kunidagi qirg‘in” Federal qidiruv byurosi vakillari tomonidan Al Kapone diqqat bilan kuzatilishiga sabab bo‘ldi. FQB xodimlari uni uyushgan jinoyatchilik aybi bilan hibsga olish imkoniyatini topa olmadi, lekin XX asrning eng afsonaviy gangsterlaridan birini qo‘lga olishning boshqa yo‘lini topdi – soliq xizmatiga murojaat qildi. Barchaga ma’lumki, Amerikada o‘lim va soliqdan qochib qutulib bo‘lmaydi.
Shaxsiy hayot
O‘smirligidanoq jinoiy davralarda aylanib yurgan Al Kaponening hayoti yengil tabiatli ayollar bilan chambarchas bog‘liq edi. 16 yoshga keliboq yigit bir nechta jinsiy kasallikka, shu jumladan sifilisga duch keldi. Kapone buni davolashga harakat qildi, ammo tez orada bu ishdan voz kechdi. Keyinchalik sog‘ligiga nisbatan bunday beparvolik Al Kaponening o‘g‘liga ta’sir qildi. Alfonso 19 yoshida turmush qurdi. Uning rafiqasi irlandiyalik Mey Jozefin Kaflin to‘ylaridan bir oy oldin oilada Sonni deb ataladigan yagona o‘g‘lini – Albert Frensisni dunyoga keltirdi.
Qizig‘i shundaki, voyaga etmagani sababli Kapone ota-onasining roziligisiz nikoh o‘qita olmas edi, shuning uchun otasi Gabriel rasmiy xizmatlarga yozma ruxsatnoma yozib bergan edi. O‘g‘li Albert Frensis Kaponega keladigan bo‘lsak, unga otasining betartib hayoti sezilarli darajada ta’sir qildi. Bola tug‘ma sifilis bilan dunyoga keldi, miyasida ham jiddiy asoratlar bor edi. Go‘dakligida qator operatsiyalarni boshidan o‘tkazib, tirik qolishga muvaffaq bo‘ldi, biroq deyarli kar bo‘lib qoldi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Albert hayotida faqat bir marta o‘zini jinoyatchidek his qilishga urinib ko‘rgan va do‘kondan maydaroq narsa o‘g‘irlagan, lekin uni darhol politsiya hibsga olgan. Kichik Kapone ikki yillik sinov muddatiga hukm qilingan va, otasidan farqli o‘laroq, umrining oxirigacha qonunni buzmagan.
Voyaga yetgach, Albert mashhur familiyasini Braun deb o‘zgartirdi, uylandi va to‘rtta qiz ko‘rdi. Shunday qilib, Al Kaponening avlodlari hali ham dunyo yuzini kezib yuribdi.
Qamoq va o‘lim
Yuqorida aytib o‘tilganidek, politsiya italiyan mafiyasi sardorini jinoiy harakatlari uchun qo‘lga olishni eplay olmadi yoki buni xohlamadi. Hattoki Federal qidiruv byurosi mutaxassislari ham Kapone ko‘plab jinoyatlarda ishtirok etganini isbotlay olmagani sababli uni panjaraga ortiga yuborishning boshqa yo‘lini topdi: ular Alfonsoni daromad solig‘ini to‘lamaganlikda aybladi. Shu sabab 1931-yil kuzida Al Kapone 11 yilga qamaldi va katta jarimaga tortildi. Qamoqxonadan turib qo‘li ostidagilarni boshqara olmasligi uchun uni Atlantadagi axloq tuzatish muassasasiga, keyin esa Alkatras orolidagi mashhur qamoqxonaga joylashtirishdi.
Berilgan 11 yildan gangster faqat yetti yilini qamoqda o‘tkazdi, ammo bu Alfonsoning sog‘lig‘iga putur yetkazish va jinoiy ta’sirini butunlay yo‘qotish uchun yetarli bo‘ldi. Qamoqxonada uning surunkali sifilisi tanasini yo‘q qilishning so‘nggi bosqichiga o‘tdi. Shunga qaramay, Al Kapone boshqa sabab bilan vafot etdi.
Yanvarь oyi oxirida u insultga uchradi. Uch kun o‘tgach, shifokorlar qo‘shimcha ravishda pnevmoniya tashxisini ham qo‘ydi. 1947-yil 25-yanvarda Alfonso Kapone Florida shtatidagi uyida yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.
Mafiya sardori Chikagoda dafn etildi, biroq ziyoratchiga aylangan sayyohlarning katta oqimi tufayli uning Illinoys shtatidagi Karmel qabristoniga ko‘chirildi.
Tarixda Kapone nomi uyushgan jinoyatchilikning timsoli sifatida saqlanib qoldi, ammo unda kinolarda tez-tez ishlatiladigan gangster romantikasining ma’lum bir hissiyoti bor edi. Bir necha o‘nlab taniqli Gollivud aktyorlari Al Kapone obrazini filmlar va teleseriallarda qayta gavdalantirdi. Qanchalik ma’lum va mashhur bo‘lmasin, Al Kapone jinoyat olamiga kirgan insonning hayoti zalolatga yuz tutishining isboti sifatida tarixda qoldi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)