Xitoyda koronavirusning yangi turi paydo bo‘lgani xaqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi matbuot xizmati ushbu kasallik to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: Global Look Press

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosining ma’lumotlariga ko‘ra Xitoyda koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan. Xitoyning Uxan shahar Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi 2019-yilning dekabr oyining oxirida Uxan shahar Xubey provinsiyasida noma’lum etiologiyali pnevmoniya kasalligi tarqalganligini ma’lum qilgan.

Xitoyning Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari (XTSQ) milliy koordinatori ma’lumotiga ko‘ra 2020-yilning 11-yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan, ularda bir kishi vafot etgan, 6 nafari sog‘ayib shifoxonadan chiqarilgan. Bemorlarning ko‘pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishiga shikoyat qilgan. Ko‘krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko‘ra ayrim holatlarda bemorlarning o‘pkalari shikastlangan.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 739 nafar, shulardan 419 nafari tibbiyot xodimlari tibbiy nazoratga olingan. Hozircha ular orasida kasallik alomatlari aniqlanmagan.

Milliy koordinatorning ma’lumoti asosida XTSQ-2005 mezonlari bo‘yicha ushbu kasallikning xalqaro miqyosda tarqalish xavfi hamda xalqaro savdo va sayohatlarga to‘sqinlik yo‘qligi ma’lum qilingan. Bugungi kunda kasallikni odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan.

Qayd etilishicha, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

  • davlat chegarasi kesishgan joylardagi sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy–sanitariya ko‘rigidan o‘tkazish, ayniqsa, Xitoydan kelayotganlarga alohida e’tibor qaratilmoqda;
  • pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda;
  • gripp, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash – profilaktika muassasalarini tayyorgarligini ta’minlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalarni zaxirasi yaratildi;
  • Xitoydan kelayotgan yo‘lovchilarda, gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olishni tashkil etish;
  • agentlik mutaxassislari tomonidan uchuvchilar, bort kuzatuvchilar, temir yo‘l provodniklarini bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari to‘g‘risida seminarlar o‘tkazilmoqda.

“Kasalliklarni respublikaga kirib kelishi va keng tarqalishini oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan nazoratga olingan”, — deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq O‘zbekiston TIV Xitoyda tarqalgan yangi virus sababli u yerga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi.