Janubiy Koreyada o‘qishga va ishlashga ketgan o‘zbekistonliklar soni ortib bormoqda. Har bir muhojirning o‘ziga xos tarixi, hikoyasi bor albatta. “Daryo” katta orzular ketidan quvib ushbu davlatga yo‘l olgan bir o‘zbekistonlik talabaning hikoyasini keltiradi.
Janubiy Koreya. Bu davlat ko‘pchilik uchun “orzular mamlakati ” sifatida AQShdan keyingi o‘rinlarda tursa kerak. Shu qatorda men ham bu yerga katta orzular bilan kelgan edim.
Xususiy bankda ishlab yurgan paytlarimda bir tanishim Koreyada bir oyda xozirgidan ancha katta summani ishlab topish mumkinligi haqida gapirib qoldi. Shu paytlarda oylik ish haqqim o‘rtacha 500 dollarga teng edi. Yosh oila ekanim va alohida uy-joyga ehtiyojim bo‘lgani sababli bu mablag‘ yetarli emasdi. Shu paytlar “bir oyda 3 ming dollar topishning iloji bo‘lsa, kecha-yu kunduz ishlab 6 ming topaman” deb o‘zimga maqsad qo‘ygan edim. Shu-shu bu maqsad menda ikki yil avval “Buyuk Koreya orzusi” yaralishiga sabab bo‘ldi.
Olti oy mobaynida ko‘p surishtirdim. Orada ishdan bo‘shab, koreys tili kurslariga qatnay boshladim. Koreyaga borishning yo‘llari unchalik ham ko‘p va oson emas ekan. Yana magistraturada o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi. Universitet javobini biroz vaqt kutib, kontraktlarni to‘ladim. Elchixonaga hujjat topshirgach, ikki hafta ichida orziqib kutilgan vizani qo‘limga oldim.
Viza javobini kutmasdan samolyot chiptasini ham sotib olib qo‘ygan edim. Hamma qatori ikki yoshli qizalog‘im bilan xayrlashib, 2016-yil fevral oyida Koreyaga yetib keldim. Kelishimdan avval hujjatlarni tayyorlashda yordam bergan “tanishlarim” menga juda ko‘p narsa va’da qilgan edi: aeroportdan kutib olish, uy-joy, o‘qishdan tashqari ish bilan ta’minlash va h.k. Kutilganidek, bularning hammasi ulushini olish uchun aytilgan quriq va’dalar bo‘lib chiqdi.
Ularning gapiga to‘liq ishonmagan edim, shu sababli surishtirib, begona yurtlarda aeroportdan kutib oladigan va boshlanishiga boshpana bilan yordam beradigan tanishlarni topdim. Koreyadagi ilk taassurotlarim qishning sovuq kunlaridan boshlandi.
Hamma qatori kelgan kunimdan boshlab sharoitni tezda o‘rganib, ish qidirish bilan ovora bo‘ldim. Ko‘pchilik juda maqtagandek, kuniga 100 dollar topish oson ish emas ekan. Koreyada ham bizdagi mardikor bozori kabi ofislar bor ekan. Faqat sal zamonaviylashgan. Xalq tilida “samushil” deb ataladi. Bu kichik xonadan iborat ofis bo‘lib, u yerda vaqtinchalik ish so‘rab borganlarni bir yoki bir necha kunlik ish bilan ta’minlashar ekan.
Ofislar ertalab soat 4:00 da ochiladi. Talabgorlar o‘rnatilgan o‘rindiqlarda kutib, ish olish ilinjida har bir ish uchun talashib-tortishadi. Chunki ishlar soni cheklangan, omadi bor insongina ishga chiqib, pul topadi. Ko‘pincha kelganlarning yarmi biz qatorimizda uyga qaytib ketar edi.
Shu zaylda kunlar o‘tdi. Ikki hafta ichida do‘stim bilan bir marta ishga chiqdik. Uy buyumlarini ko‘chirish xizmati uchun ikki yordamchi kerak ekan. Uzoq joyga olib borishdi, qaytishimiz kechki soat 10:00 larga to‘g‘ri kelib, uygacha piyoda qaytishga to‘g‘ri keldi. Ertasi kuni o‘sha ofisga borib, Koreyada topgan birinchi pulim – 127 ming vona oldim. Bu – 100 dollardan sal ko‘proq. Pulning ozroq qismini irim qilib haligacha hamyonimda saqlab kelaman.
Mart oyining boshidan o‘qishim boshlandi. O‘qish haftasiga bir marta – kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha. Ham ishlab, ham o‘qish uchun juda yaxshi sharoit qilib berishdi, deb qo‘ydik o‘zimizga.
Kursimizda 40 ga yaqin o‘zbek, men kabi TOPIC yoki IELTS til bilish sertifikati yo‘q. Biz universitetning tajribaviy guruhi edik. Aytishlari bo‘yicha, shu yillarda universitet moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lgan, hokimiyat va elchixona bilan kelishgan holda bizning guruh to‘liq tarkibda Koreyaga yetib kelgan. Viza muammosisiz. Har birimiz 4 200 dollar kontrakt to‘lagandik. Lekin bu tajribaviy guruh muvaffaqiyatli chiqmadi: birinchi yil oxiriga bormay guruhimizning 1/3 qismi o‘qishni tashlab, ishlashga o‘tib ketdi.
Avvaliga samushillar orqali vaqtinchalik ishlarda ishlab yurdim. O‘zbekistondagi ikkita diplomim va bankdagi yetti yillik ish tajribam bu yerda yaxshi ishlarga joylashish uchun yetarli emas ekan. Bu haqda avvaldan bilar va shunday bo‘lishiga ruhan tayyor edim.
Avvaliga muzqaymoq zavodida ishlab yurdim. Keyinroq ta’mir va qurilish ishlariga o‘tib ketdik. Orada bu yerga kelish uchun olgan 6 ming dollar qarzimni sekin-asta qaytara boshladim. Ishlar yomon emas edi. Koreyaning nam ob-havosiga ham, faqat guruch bilan eyiladigan achchiq va tuzsiz ovqatlariga ham ancha o‘rganib qoldik. Ishdan kelib koreys tilini o‘rganardim, internetda ko‘rmagan kino va seriallarim qolmagan edi.
Asta-sekin ishlar qisqara boshladi. Ko‘pchilik o‘sha yillar Koreya iqtisodiyoti Xitoy sabab ancha pastlayotganini takidlar edi. Ko‘pincha yaxshiroq, puli ko‘proq ish olish ilinjida samushillarga saharlab chiqardik. Koreyada iyul – avgust oylari musson yomg‘irlar fasli bo‘lar ekan. Ishimiz asosan tashqarida bo‘lgani uchun ko‘pincha uyda dam olardik. Shunga qaramay, Koreya osmoni ham bizniki kabi musaffo edi.
Koreyadagi sharoit men kutgan darajada emasligini bilib, bu yerdan ham surish rejalari uyg‘ona boshladi. Albatta, ko‘pchilikning fikri bir joydan chiqsa kerak, Koreya – ishlash uchun yaxshi joy, lekin bu yerdan ham AQSh yaxshi deyishadi. Biz ham shu maqsadda AQShning Koreyadagi elchixonasiga turistik viza uchun hujjat topshirdik. Kutilganidek, bizdagi bo‘m-bo‘sh pasport ofitserlarda turist ekanimizga ishonch uyg‘onmadi. Men va yana to‘rt vatandoshim rad javobini olib qaytdik.
Barcha hujjatlar taxt ekanidan foydalanib, Yaponiya elchixonasidan vizani osonlikcha qo‘lga kiritib, bir haftaga juda minimal, atigi 300 dollar budjet bilan Tokio shahrini aylanib keldik.
Sayohatni yaxshi tugatib olib, yana odatiy hayotga qaytdim: samushil – ish – uy. Orada o‘qishga ham borib turamiz. Baholar ham yomon emas – hamma fandan A+ (a’lo).
Orada internet orqali ishlarni qidira boshladik. Shu bahonada fabrika qurilish-montaj ishlarida ishlab, payvandlash sirlarini ham o‘rganim oldim. Hozirda norasmiy 2-darajali payvandchi sertifikatim ham bor.
2018-yil dekabri oxiriga qarab ko‘pchilik do‘stlarim O‘zbekistonga birin-ketin keta boshladi, men esa, oktabr oyida ikkinchi farzandim dunyoga kelganiga qaramay, bora olmadim. Tezroq va ko‘proq pul ishlab, bu yerdan birato‘la ketish niyatida bo‘ldim.
Yangi yilga yaqin yana ikki do‘stim bilan kelgan shahrimdan uzoq dengiz bo‘yida joylashgan sabzavotni qayta ishlash zavodiga ishga joylashdik. O‘sha yerda Koreyada birinchi marta kechgi 22:00 gacha ishlab, halol ish haqqini ololmaslik qanday bo‘lishini his qildik. Pulni tashlab beraman deb ikki oy aldab yurishdi, keyin umid uzildi. Ishga joylagan “agentimiz” vatandoshimiz ekani sababli quruq va’dalarga ishonib yuravergan ekanmiz.
Kishning sovuq kunlarida ko‘p qavatli uylarga plastik romlarga oyna o‘rnatish brigadasiga ishga o‘tib ketdim. Ish sababli bu kunni ijaradagi kvartirada juda kamtarona o‘tkazdim. Koreyadagi ilk Yangi yilni shu tariqa kutib oldim.
Yangi yil arafasida Telegram tarmog‘ida kichik kanal ochib, ijodiy ishlarni ham boshlab yubordim. Fevral oyidan boshlab Koreya hayoti, ko‘rgan-bilganlarim haqida shaxsiy blog yurita boshladim. Shu orada audiokitob eshitish va kanal postlari uchun ma’lumot yig‘ish xobbimga aylandi. Telegram-kanal bahonasida ko‘p do‘stlar orttirdim, hozirda kichik “choyxona”miz ham bor. Shu orqali Koreyada ham juda ko‘p bilimli va yutuqlarga erishgan yoshlar bilan tanishdim. Ba’zilar yaxshi tashkilotlarda ishlashini bilib oldim.
Koreyslarning o‘ziga xos xarakteri bor. Shu vaqt mobaynida turli insonlar bilan ishlab ko‘rdim. Birinchi bor ko‘rib turgan bo‘lsa ham, xuddi tanishiga o‘xshab yaxshi muomala qiladiganlari ham, ancha vaqt birga ishlasangiz-da, chet ellik deb qo‘pol muomala qiladiganlarini ham uchratish mumkin.
Zavod-fabriklarda ishlash jarayonida kuzatgan o‘ziga xos jihatim, rahbar qanday bo‘lsa, xodim ham shunday xarakterda bo‘ladi. Qolganlar rahbariga moslashib olganday. Tartib, intizomga juda kuchli e’tibor beriladi. Hammasini yozilgan, o‘rgatilgan yo‘riqnoma bo‘yicha qilishga harakat qilishadi.
O‘zbekistonda odamlar lavozimi yoki o‘rnini yo‘qotishdan xavfsirab o‘ziga ma’qul bo‘lmagan ishlarni ham qilishga majburlanadi. Ishdan bo‘shasa, ancha vaqt depressiyaga tushib qoladigan paytlar ham bo‘ladi. Lekin bu yerda kerak bo‘lsa haftasiga ish almashtirishga, har safar yangi ishtiyoq va intilish bilan hayot sinovlariga dosh bera olish xarakterini shakllantishga to‘g‘ri keladi. Menimcha, Koreyada o‘qib, ishlab qaytgan insonda matonat, iroda avvalgiday sust bo‘lmasa kerak.
Sal og‘ir ishlarda ishlab orttirgan umurtqa churrasi og‘rig‘ini aytmaganda, boshqa sog‘liq muammosiga duch kelganim yo‘q. Qishning sovuq kunlarida ham yaxday suv ichib yurish mumkin. Organizm ham ob-havo sharoitiga moslashib qolar ekan.
Bu orada yana o‘zimizning shaharga qaytib keldim. O‘qishning ikkinchi bosqichi boshlangan edi. O‘qishda o‘zgarish yo‘q: haftasiga bir kun, bir semestr uchun 3 600 000 vona (3 200 dollar) to‘lov. Yana o‘zimizning uy-joy, yeb-ichish xarajatidan orttirib, o‘rtacha 1 500 dollarni uyga jo‘natishni ham amallab turardim.
Koreyaning boshqa davlatlarga nisbatan afzal tomoni shunda ediki, kecha kelgan talaba ham ertasi kuni ishga chiqib ketish imkoniyatiga ega. Hatto tilni ham, ishni ham bilmay turib. Bunday imkoniyatdan ko‘pchilik foydalanib qolish payida bo‘ladi. Bugungi kunga kelib bizning shahar ko‘chalarida yuzlab o‘zbek va xorijiy davlat talabalari istiqomat qilmoqda. Biz kelganda sanoqli 10–20 ta vatandoshni uchratish mumkin edi.
Kitoblarni o‘qish imkoniyati bo‘lmagani sababli ish paytida, uyda audio shaklida eshitib yuraman. Avvaliga kitob insonning hayotini o‘zgartirib yuborishiga ishonmas edim, lekin musofirlik va mutolaa hozirda meni butunlay boshqa insonga aylantirdi. Hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladim. Vaqtni qadrlashni o‘rgandim.
Ha, aytganday, maqolam avvalida Koreyaga kelishimga sabab bo‘lgan buyuk orzuimga qisman erishdim desam ham bo‘ladi. Shu summani oxirgi ikki oyda ishlab topa oldim, lekin bundan-da katta orzularni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Moddiy boylik ikkilamchi ekanini tushunib yetdim.
Hozirda Janubiy Koreyada magistratura bosqichini bitirish arafasidaman. Bir necha kundan so‘ng vatanim – O‘zbekistonga qaytaman, lekin bu safarcha butunlay emas, yana qaytib kelish sharti bilan.
Zafar Hasanov
Izoh (0)