1920-yilning 10-yanvar kuni Versal shartnomasi ratifikatsiya qilinishi insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushlardan biri – Birinchi jahon urushiga yakun yasadi. Bu urush haqida ko‘p yozilgan. Bu safar esa “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev uning yakuni va oqibatlari haqida hikoya qiladi.

Versal sulhi tinchlik sulhi emas, aksincha, 20 yillik yarashish bitimidir.

Ferdinand Fosh, fransuz harbiy nazariyotchisi, Fransiya marshali

Britaniyalik tarixchi Erik Xobsbaum XIX asrning boshlanishini Buyuk fransuz inqilobi – 1789-yildan boshlaydi va asrning yakunini 1913-yil deb e’tirof etadi. Nega? Aynan shu davrda insoniyat hayotini, turmush davrini va dunyoqarashini keskin o’zgartirgan siyosiy, ilmiy va madaniy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Birinchi jahon urushi XX asr boshlanishining o‘ziga xos asosiy voqeasi edi. Dunyo jamiyatlarida ijtimoiy keskinliklar, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, mafkuraviy kurash va iqtisodiy raqobat kuchayib borayotgan davr edi.

Bu dunyo ahli jahon urushi insoniyatga o‘tmish bo‘ldi deb hisoblar, mavjud muammolarni tan olishni, e’tirof etishni rad etayotgan edi.

XIX asrning yakuni – fin de siècle ziyolilari navbatdagi qon to‘kilishi yuz berishiga ishonmayotgan edi. Ammo… Navbatdagi urush millionlab insonlarning taqdirlarida qonli iz qoldirdi. Bu urush dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qonli, azobli va tushkun xotiralarni qoldirdi.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Antanta tarafidagi asosiy kuchlar bo‘lgan Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va “Uchlar Ittifoqi”ni tashkil qilgan Germaniya boshchiligidagi Avstro-Vengriya, Usmonlilar saltanati, Bolgariya  ta’sir doiralari borasida murosaga kela olmadi va bu XX asrning eng dahshatli urushi kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

1919-yilning 28-iyun sanasida Versal bitimi imozlangan va urush harakatlariga chek qo‘yilib, urushning bosh aybdori sifatida Germaniya e’tirof etilgan bo‘lsa-da, qanday maqsadlar ikki uyushma qatliomni boshlashiga majbur qildi degan savol hozirgacha hammaga qiziq. Buni esa lotinchadagi vae victis – “mag‘lublar baxtsizligi” tamoyiligina izohlab bera oladi. Ammo faqat Germaniyagina aybdormi bu urushning boshlanishiga? Xolis yondashilganda, faktlar bunga qarshi.

O‘sha davrda Germaniya urushni qanchalik istayotgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya va Fransiya ham urush ochishni Germaniyadan kam istamayotgan edi. Rossiya, Avstro-Vengriya va Usmonlilar salatanati ham Germaniya yoki Buyuk Britaniyadan, Fransiyadan qolishmagan holda bu urushdan manfaatdor edi. Shu o‘rinda ozgina voqealar rivojini ortga qaytarib, Birinchi jahon urushi boshlanishining dastlabki paytlariga qaytish nazarimda to‘g‘ri bo‘ladi.

Foto: Wikipedia

1871-yilda Fransiya – Prussiya urushi yakuni. Versalning Oynavand zalida Germaniya butun nemis xalqi kayzer Germaniyasi bayrog‘i ostida birlashganini e’lon qildi. Fransiya qiroli Napoleon III fransuzlar bu urushda mag‘lub bo‘lganini e’lon qildi. Asirga tushgan Napoleon III ning mag‘lubiyati Fransiyada tushkunlik va xarobazor qoldirdi, natijada Fransiyada milliy kommunani oyoqqa turg‘izdi. Milliy kommuna oyoqqa turishi Fransiya uchun doimiy holat edi.

Mag‘lubiyat natijasida Napoleon III 1871-yildagi Frankfurt bitimiga binoan Elzas va Lotaringiya viloyatlarini Germaniyaga berdi va nemislarga milliard frank miqdorida reparatsiya – tovon to‘lashni zimmasiga oldi. Bu nemis sanoatini rivojlantirishda qo‘l keldi. Masala fransuzlar mablag‘dan voz kechishida emas edi; Deni Didro, Jan-Jak Russo, Volter  kabi ma’rifatparvarlarni tarbiya qilgan fransuz millatining sharmandali mag‘lubiyati nemis xalqidan revansh – qasos olish hissini uyg‘otgandi. Fransuzmisan, sotsialist, sentrist yoki anarxist bo‘lishingdan qat’iy nazar, barchasini Germaniyadan qasos olish istagi birlashtirgandi.

Buyuk Britaniya

Britaniya imperiyasi Germaniya Yevropa qit’asida va butun dunyoda iqtisodiy jihatdan yetakchilikka intilayotganidan xavotirda edi. Ustiga ustak, 1890-yillarga kelib Germaniya yalpi ichki mahsulot bo‘yicha Yevropada birinchi o‘ringa chiqib, inglizlarni keyingi o‘ringa surib qo‘ygan edi. Asrlar mobaynida “dunyo sanoatining markazi”, “dunyo ustaxonasi” bo‘lib kelgan Britaniya uchun nemislarning yutuqlari iqtisodiy dushmanlikni yuzaga keltirgan, Britaniya qasos olishi kerak edi.

Rossiya

Rossiya Birinchi jahon urushiga kirar ekan, imperiya sifatida o‘zini slavyan xalqlarining homiysi sifatida ko‘rsatishga urundi. Shunday ekan, Bolqon yarim orolida yashovchi janubiy slavyan xalqlari taqdiriga befarq qaray olmas edi. Rossiyada slavyanchilik homiysi g‘oyalari XIX asrning 60-yillaridan kuchaya boshlab, oqibatda 1877–1878-yillarda rus – turk urushiga olib kelgan edi. Hal bo‘lmagn nizo shu tariqa Birinchi jahon urushiga qadar kechiktirilgan edi. Ruslar navbatdagi urushga kirishar ekan, O‘rta yer dengizida floti erkin harakatlanishiga erishishni maqsad qilgan edi. Bu Rossiya imperiyasining geosiyosiy maqsadlaridan biri edi.

Shu tariqa iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan farq qiluvchi mamlakatlar Birinchi jahon urushi domiga tortildi; bu urush dunyo manzarasini va insoniyat tafakkurini keskin o‘zgartirib yubordi. Urush natijasida ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlar, ichki va ijtimoiy siyosat o‘zgarib ketdi. Endi hech bir urushda ishtirok etgan davlat urush boshlanishi paytidagi tizimga da’vogar emas edi.

Urush boshlanishiga sabab

Urush boshlanishiga doim sabab topiladi deganlaridek, Birinchi jahon urushining boshlanishiga Avstro-Vengriya imperiyasi valiahd shahzodasi ersgersog Frans-Ferdinandning o‘ldirlishi bahona bo‘ldi. 1914-yil 28-iyunda shahzoda Frans-Ferdinand “Yosh bosniyaliklar” terrorchi tashkiloti tomonidan o‘ldirilishi manfaatdor mamlakatlarda urush boshlash kayfiyatdagi siyosiy kuchlarga turtki bo‘ldi.

Avstro-Vengriya imperiyasi Serbiyaga 48 soat ichida qotillik tafsilotlarini aniqlash va jinoyatchilarni topshirish ultimatumini qo‘ydi. Bu paytda serblar ruslar bilan maxfiy diplomatik munosabatga kirishgan, Avstro-Vengriya esa Germaniya bilan kengash olib borar edi.  Urush boshlangani aniq edi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: urushning oldini olish mumkin edimi? Tarixchilar urushning oldini olish imkoni yo‘qligiga ishora qiladi.

Shu tariqa Avstro-Vengriya imperiyasi Serbiyaga qarshi urush ochdi. Bunga javob tarzida Rossiya Avstro-Vengriyaga qarshi jangovar holat e’lon qildi. 1-avgustda Germaniya ruslarga qarshi harbiy harakatlar boshlanganini e’lon qildi. Rus ittifoqhisiga qarshi qaratilgan hujum sabab 1-avgustda Fransiya, 4-avgustda Buyuk Britaniya Germaniyaga qarshi urush ochdi. Urushga kirayotgan mamlakatlar balandparvoz g‘oyalar haqida gapirar ekan, hech biri shaxsiy manfaat borligi haqida churq etmadi.

Versal sulhi – urush tugadi, yashasin urush!

1914-yil 1-avgust sanasida boshlangan urush 1918-yil 11-noyabrda Germaniya va Antanta – Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi bitim imzolanguncha davom etdi. Inqilob Rossiya 1917-yildayoq Antanta ittifoqidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgani bois urushni to‘xtatish borasidagi kelishuv asosan Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan imzolandi. Lenin 1917-yil 25-oktabrida barcha urushda ishtirok etayotgan mamlakatlarga anneksiya va bojsiz tinchlik sulhi haiqdagi shartnomani yuborgan bo‘lsa-da, Antantaning hech bir vakili bolsheviklarning bu shartnomasini qabul qilmadi.

Fransiya va Buyuk Britaniya nazarida Rossiya imperiyasi qulashi va hokimiyat tepasiga bolsheviklar kelishi bilan imzolangan tinchlik haqidagi dekret mag‘lubiyatga teng qaror edi. Urush tugadi. 1919-yilning 28-iyun sanasida Birinchi jahon urushini xulosalovchi Versal tinchlik bitimi imzolandi. Germaniya Birinchi jahon urushining sabab va oqibatlariga javobgar davlat deb topildi. Nemislar ishtirokisiz imzolangan dastlabki Parij muzokaralarida Antanta tarafdorlari tinchlik kelishuvida uchta asosiy jihat – agressorni jazolash, reparatsiya va 1914–1918-yil voqealari rivojiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi.

Shu tariqa 1919-yilning 28-iyunida Versal sulhi imzolandi. O‘sha paytda fransuz harbiy generali Ferdinand Foshgina Germaniya yuzini yo‘qotishiga sabab bo‘ladigan sulhga majburlash natsistlar hokimiyat tepasiga kelishiga sabab, sulhning o‘zi esa navbatdagi urushni yana 14 yilga kechiktirish ekanini o‘ylab ko‘rgan bo‘lsa kerak. Tarix esa uning fikrlari haqiqat ekanini isbotladi.

Sulh Germaniyaga ulkan miqdorda tovon puli to‘lash va cheklovlarni shart qilib qo‘ydi. Tovon puli shu darajada ulkan ediki, Germaniya undan 2010-yilga kelibgina batamom qutuldi.

Qo‘shimcha tarzda Germaniyadan Elzas va Lotaringiyadan tashqari ham ko‘pgina hududlar arralab olindi. Germaniya va uning ittifoqchilari Avstro-Vengriya, Usmonli saltani hukmronlik qilgan hududlarda ko‘plab mayda davlatlar yuzaga keldi. Germaniya to‘lashi shart qilib belgilangan tovon puli Avstro-Vengriya va Usmonli saltanatini ham chetda qoldirmadi.

Germaniya harbiy kontingentini 100 ming askardan oshirmaslik majburiyatini oldi. Germaniya harbiy floti asosan Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida bo‘lib olinishining belgilanishi nemis askarlari harbiy kemalarini cho‘ktirib yuborishiga olib keldi.

Germaniya, shuningdek, Afrikadagi mustamlakalaridan mahrum bo‘ldi. Tanganika Buyuk Britaniya ixtiyoriga, Ruanda-Urundi Belgiyaga, “Kiong uchburchagi” deb nomlangan Janubi-Sharqiy Afrika hududi Portugaliyaga berildi, Togo Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida bo‘lib olindi. Germaniya Liberiya bilan imzolangan barcha shartnomalardan voz kechdi. Marokash ustidan Fransiya, Misr ustidan Buyuk Britaniya protektorati o‘rnatilishini tan olishga majbur bo‘ldi. Tinch okeani va Xitoydagi barcha konsessiyalardan voz kechdi.

Bu nemis xalqida sulh adolatsizligidan nafrat uyg‘otdi va qasd olish tuyg‘usini diliga tugib qo‘yishiga asos bo‘ldi.

Birinchi jahon urushi: natija va oqibatlar

Urush yakunlangach, dunyoning siyosiy, iqtisodiy va demografik manzarasi o‘zgarib ketdi. Germaniya imperiyasi, Avstro-Vengriya monarxiyasi, Chor Rossiyasi va Usmonli saltanati quladi. Ulkan imperiyalar o‘rnida ko‘plab mayda millatlardan iborat mamlakatlar tashkil topdi. Birinchi jahon urushi yakuni xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi Millatlar ligasi deb nomlangan yangi xalqaro munosabatlar tizimini paydo qildi. Millatlar ligasi ko‘plab ixtilof va nizolarning oldini olishga erishgan bo‘lsa-da, tizimdagi adolatsizliklar – kichik davlatlar a’zolarining xalqaro munosabatlarni tartibga solishda ovozga ega emasligi yangi jahon urushi takrorlanishiga ko‘proq ishontira boshladi.

Iqtisodiyotda harbiy sanoat ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoldi. Birinchi jahon urushi ko‘p mamlakatlar iqtisodiyotiga zarar yetkazgan edi, ular iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirishdi. Urush xarajatini qoplash mustamlaka mamlakatlar hisobidan amalga oshirildi, mustamlakalarda “xo‘jayin” mamlakatlarga nisbatan adovatni kuchaydi. Bu esa kelgusida Afrika va Osiyoda qator davlatlar mustaqillikka erishishiga olib keldi.

Birinchi jahon urushidan so‘ng dunyo demografik jihatdan ham o‘zgacha edi. Ko‘plab odamlar urushda yaqinlarini yo‘qotgan, zavod va fabrikalarda o‘smirlar va ayollar ishlar, urush ularning barchasini mulkdorlar sinfi uchun ishlashga majbur qilgan edi.

Aholi urushdan katta saboq oldi. Ayollar teng huquqli bo‘lishga intila boshladi. Ular hattoki siyosiy huquqlarga ega bo‘lishni talab qildi. Eski mafkuralar soxta bo‘lib chiqdi, insoniyatda mavjud tizimning g‘oyalariga ishonch qolmadi va ular endi yangi yetakchilarning yangi g‘oyalariga ergasha boshladi.

Versal bitimi vaqtinchalik ekani g‘oyasi fransuz marshali aytganidek o‘sha davr havosiga borgan sari sizib borar, navbatdagi jahon urushi boshlanishi tabiiy ammo, qachon degan savol muallaq edi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.