Donald Tramp Iroq AQSh qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirgudek bo‘lsa, iqtisodiy chora qo‘llash bilan tahdid qilganidan so‘ng, Amerika administratsiyasining yuqori martabali vakillari Iroqqa qarshi saknsiyalar ustida ish boshladi. Bu haqda The Washington Post’ga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.
Amaldorlarning ma’lum qilishicha, sanksiyalar joriy etishda Moliya vazirligi va Oq uy asosiy rolni o‘ynaydi. Bu kabi qadam noodatiy bo‘lishi mumkin, chunki Iroqning ittifoqdosh bo‘lishi uchun AQSh “deyarli yigirma yil va yuzlab milliard dollar sarflagan”.
Shaxsi sir qolishini so‘ragan amaldorlarning aytishicha, hozirda muhokamalar davom etmoqda va sanksiya borasida yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Avvalroq Tramp Iroq dushmanlik harakati amalga oshirsa, jiddiy sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilib, buning oldida “Eronga qo‘llanilgan sanksiyalar shunchaki mayda bo‘lib qolishi”ni aytgandi. AQSh prezidenti Iroq aviabaza qurish uchun ketgan xarajatlarni qaytarmaguncha, Amerika qo‘shinlari mamlakatdan chiqmasligini bildirgan.
Izoh (0)