Respublika Gidrometeorologiya markazi O‘zbekistonda hafta davomida kuzatiladigan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, 6-yanvar, dushanba kuni Volgabo‘yi hududidan kirgan sovuq va nam havo oqimi sababli O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi.
7-yanvar, seshanba kuni faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va vodiyda nobarqaror ob-havo saqlanib turadi, bu joylarda yomg‘ir, qor yog‘ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.
Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq — 3 daraja iliqqacha, kunduzi 0—5 daraja iliqqacha pasayadi.
8—9-yanvar kunlari ob-havoning yog‘ingarchiliksiz, kambulutli bo‘lishi kutilmoqda. Antisiklon chegarasi ta’siri natijasida harorat kechasi manfiy ko‘rsatkichlargacha pasayib 3—5 daraja sovuqni tashkil qiladi.
Kunduzi quyosh havoni ilitib, 9-yanvarga kelib havo harorati 7—12 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
10-yanvarda sovuq havo oqimi O‘zbekiston hududidan chekinadi. Tungi harorat 0—2 daraja sovuqqacha ko‘tariladi, kunduzi 7—12 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Izoh (0)