Andijon viloyati ma’muriy sudining ochiq sud majlisida 2019-yil 30-dekabr kuni Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan fuqaro Abdufatto Nuritdinov (bloger Otabek Nuritdinov)ga oid Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi bilan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Daryo”ga Oliy sud matduot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Asaka tumani hokimi E.Yoqubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori M.Isoqova va Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov Ichki ishlar vazirligining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019-yil 4-avgust, 2019-yil 7-oktabr va 2019-yil 18-oktabr kunlari “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi tomonidan ularni obro‘sizlantiruvchi, shaxsiyatini sharmanda qiluvchi, haqoratli uydirmalar hamda tuhmat va bo‘htondan iborat ma’lumotlarni tarqatganligi uchun qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Bundan tashqari, B.Qahhorov Asaka tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 2019-yil 30-dekabr kuni soat 10:30 larda Asaka tuman Moliya bo‘limi oldida A.Nuritdinov uni jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kkanligi uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Surishtiruv ishlarini amalga oshirgan Asaka tuman ichki ishlar bo‘limining 2019-yil 30-dekabrdagi jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish va ma’muriy tartibda chora ko‘rish haqidagi qaroriga ko‘ra, Asaka tumani Sohil bo‘yi ko‘chasi 2-uyda yashovchi Erkinjon Yoqubov IIV “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, Asaka tuman hokimiyati mutaxassislari tomonidan internet orqali viloyatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar kuzatib borilayotgani, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019-yil 4-avgust kuni soat 14:57 da “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi tomonidan fuqarolarni hokimiyat vakillariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otuvchi, ularni obro‘sizlantirish, shuningdek, viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligi, shu sababli “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Shuningdek, Andijon shahar “Ekin-tikin” maxallasida yashovchi Furqatbek Buzrukov IIV “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, Asaka tuman “Ibn Sino” MFY Shinam ko‘chasi 23-uyda yashovchi “Otabek Nuritdinov” nomli profil foydalanuvchisi Abdufatto Nuritdinov o‘zining ushbu profili orqali 2019-yil 7-oktabr kuni “Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukovdan shikoyatlar ko‘paymoqda, yaqin kunlarda ushbu oyog‘i yerdan uzilgan amaldor haqida maqola chiqarib, yerga tushirib qo‘yamiz. Sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq ham seni nazarga olmaydi, hech kimmasligingda onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo‘lganding. Tasavvur qilgin, 33 million aholi bittadan tuflasa ham tupugiga cho‘kib o‘lasan. Oynaga bir qaragin, yaxshilab e’tibor berib qaragin” deb ushbu profilga uni shaxsiyatiga teguvchi “cho‘chqa” timsolidagi fotosuratni joylab, uni haqorat qilganligini bildirib, “Otabek Nuritdinov” akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Shunigdek, Asaka tuman “Do‘rman” MFY Do‘rman ko‘chasida yashovchi Muhayyoxon Isoqova IIV “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi 2019-yil 18-oktabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, tuhmat qilinganligi, u va uning jamoasini “korrupsion ochag” deb haqorat qilganligini bildirib, “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Asaka tuman “Oqbo‘yra” MFY Istiqlol ko‘chasi 17-uyda yashovchi fuqaro B.Qahhorov Asaka tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zining murojaatida 2019-yil 30-dekabr kuni soat 10:30 larda Asaka tuman Moliya bo‘limi ma’muriy binosidan chiqayotgan vaqtida Asaka shahar “Ibn-Sino” MFY Shinam ko‘chasi 23-uyda yashovchi Abdufatto Nuritdinov jamoat joyida, uni hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘rishni so‘ragan.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt Abdufatto Nuritdinov (1983-yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, oilali, 4 nafar farzandi bor, ishsiz, muqaddam sudlanmagan, ma’muriy javobgarlikka tortilgan, Andijon viloyati Asaka tumanida yashaydi)ga tegishli ekanligi aniqlangan.
Sud majlisida so‘ralgan Abdufatto Nuritdinov aybiga iqror bo‘lmasdan, haqiqatan ham internet orqali viloyatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalarni kuzatib borishini, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt ochib foydalanishini, Asaka tumani hokimi E.Yoqubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori M.Isoqova va Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovga nisbatan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bildirgan o‘zining fikrlarini hokimiyat vakillarini hamda fuqarolarni obro‘sizlantirish va haqorat qilish deb bilmasligini, shuningdek, viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan sharmanda qiluvchi uydirmalarni ham tarqatmaganini, 27-maktab direktori M.Isoqova haqidagi fikrlarini shu maktabda ishlagan Sardor Madaminov ismli o‘qituvchidan eshitib yozganligini, 2019-yil 30-dekabr kuni esa hech kimni so‘kmaganligini, unga nisbatan asossiz ma’muriy bayonnoma tuzilgani, shuning uchun hujjatlarni imzolashdan boshtortganligini bayon qilib, ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi B.Qahhorov 2019-yil 30-dekabr kuni soat 10:30 larda Asaka tumani Moliya bo‘limi binosi oldida fuqaro Abdufatto Nuritdinov uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat joyida “hammeni s...man” deb so‘kingani va jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan bezorilik qilganini, ushbu holatni D.Rasulov va J.Ismoilov ham ko‘rganini, shuning uchun unga nisbatan chora ko‘rishlik uchun Asaka tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilganini, ushbu harakatlari uchun Abdufatto Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan guvoh D.Rasulov Asaka tumani Moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelishini, 2019-yil 30-dekabr kuni Moliya bo‘limi binosi oldiga fuqaro Abdufatto Nuritdinov, “Asaka tuman gazta’minot” davlat korxonasi bo‘limi boshlig‘i J.Ismoilov, Asaka tuman “Suvoqova” davlat unitar korxonasi boshlig‘i B.Qahhorov kelganini, ushbu tashkilot rahbarlari bilan tashqarida suhbatlashayotganda B.Qahhorov Abdufatto Nuritdinovga internet tarmog‘ida u haqda noto‘g‘ri fikrlarni bildirgani, unga nisbatan tuhmat qilayotganini aytgan vaqtida Abdufatto Nuritdinovni jahli chiqib jamoat joyi hisoblangan Asaka tuman Moliya bo‘limi binosi oldida baland ovoz bilan “hammangni s...man” deb so‘kinib, baqir-chaqir qilib, bezorilik qilganini, ushbu uyatli so‘zlar o‘ziga ham tegib ketganini, ushbu harakatlari uchun Abdufatto Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan guvoh J.Ismoilov “Asaka tuman gazta’minot” davlat korxonasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelishini, 2019-yil 30-dekabr kuni Moliya bo‘limi binosidan chiqib kelayotgan vaqtida “Asaka tuman Suvoqova” davlat unitar korxonasi bo‘limi boshlig‘i B.Qahhorov bilan Moliya bo‘limi boshlig‘i D.Rasulov hamda A.Nuritdinov birga turganini ko‘rgani, ularning oldiga borgan vaqtida B.Qahhorov A.Nuritdinovga internet tarmog‘ida o‘zi haqida noto‘g‘ri fikrlarni bildirganini aytib, bu ishlarni to‘xtatishini, chunki unga nisbatan tuhmat qilayotganini gapirganini, shunda A.Nuritdinov jamoat joyida, ya’ni Asaka tuman Moliya bo‘limi binosi oldida baland ovoz bilan “hammeni s...man” deb so‘kinib, bezorilik qilganini, ushbu so‘kinish unga ham qaratilgani sababli A.Nuritdinovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi M.Isoqova haqiqatan ham unga nisbatan “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi haqorat va tuhmat qilganligi yuzasidan Ichki ishlar vazirligining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilganini, chunki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi 2019-yil 18-oktabrda internetda uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, jiddiy ayblov bilan tuhmat qilganligi, u va uning jamoasini “korrupsion ochag” deb haqorat qilganligini bayon qilgani, internetdagi mazkur haqorat va tuhmatlarni dastlab kursdoshi o‘qib, unga aytgani, shundan keyin maktab o‘qituvchilaridan ham eshitgani, o‘zi ham o‘qiganidan so‘ng qattiq ta’sirlangani, chunki uzoq yillardan buyon maktabda halol va vijdonan ishlab kelishini, internetdagi bo‘htonlar esa unga tuhmat va haqoratdan iborat ekanligini, surishtiruv organi tomonidan ushbu akkaunt foydalanuvchisi A.Nuritdinov ekanligi aniqlanganligini, shuning uchun yuqoridagi harakatlari uchun A.Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rish va undan ma’naviy zararni undirib berishni so‘rab ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan guvoh F.Rahimova 2019-yilning 19-oktabr kuni ish joyi bo‘lgan 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kelgan vaqtda o‘qituvchilar maktab direktori Muhayyo Isaqovani Facebook tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” ismli bloger o‘zining profili orqali 2019-yil 18-oktabr sanasida “Asaka tumani 27-maktabdagi uchiga chiqqan korrupsiyachi direktor Isoqova Muhayyo boshchiligida hamda Buzrukovni himoyasidami? Maktab hududida oilaviy oshxona ochgani, barcha guruhlar shu oshxonada ovqatlanishga majburligi, har bir boladan 40 ming so‘mdan pul yig‘ilishi, ushbu oshxonani turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li yurgizib kelishini, kirdikorlarining oxiri yo‘qligi, o‘g‘lini ikkita shtatga ishga joylaganligi, o‘qituvchilarga premiya pullarini chiqaradi va ular bu pulni direktorning o‘ziga qaytarishligi, bu ishlarda o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Hasanova Nozila yordam berishligi, profsoyuz pullari degan tushuncha shu maktab o‘qituvchilarida yo‘q bu pullar qani? Tekshiruvchi keldi deb o‘qituvchilardan pul yig‘ib komissiyalarni og‘zini berkitib jo‘natishligi, ishga kirish pul...pulga o‘chligidan xohlagan o‘qituvchisini ishdan bo‘shatishi mumkinligi, o‘rin bo‘shasa yangi daromad ekanligi, shu darajada vijdonini yutib yuborgan bu ayol ekanligi, ushbu pulni nima qiladi yoki Buzrukovni to‘ydira olmayaptimi” deb yozib M.Isoqova haqida turli xildagi bo‘hton va ig‘volarni tarqatib, M.Isoqovaning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitib haqorat qilib, uydirmalar tarqatilganidan xabar topganini, A.Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bildirilgan fikrlariga salbiy e’tirozlarini o‘zi ham bildirgani, chunki maktab direktori M.Isoqova talabchan rahbar ekanligini, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish (premiya) pullaridan va oyliklaridan pul ham yig‘maganligini, o‘qituvchilarni pul evaziga ishga olinmasligini, A.Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bildirilgan fikrlar tuhmat ekanligi haqida ko‘rsatma berdi.
Sud majlisida so‘ralgan guvoh Sh.Usmonov Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasida huquqshunos vazifasida ishlab kelishini, Abdufatto Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovga nisbatan bildirilgan fikrlari haqorat va tuhmat ekanligini, u xalq ta’limi boshqarmasining vakili sifatida Abdufatto Nuritdinov ushbu fikrlari orqali F.Buzrukovni obro‘sizlantirish va uning ish faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan harakatlar deb hisoblashini, chunki 2019-yil 7-oktabr kuni Abdufatto Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yozilgan “Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukovdan shikoyatlar ko‘paymoqda, yaqin kunlarda ushbu oyog‘i yerdan uzilgan amaldor haqida maqola chiqarib, yerga tushirib qo‘yamiz. Sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq ham seni nazarga olmaydi, hech kimmasligingda onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo‘lganding. Tasavvur qilgin, 33 million aholi bittadan tuflasa ham tupugiga cho‘kib o‘lasan. Oynaga bir qaragin, yaxshilab e’tibor berib qaragin” deb ushbu profilga uni shaxsiyatiga teguvchi “cho‘chqa” timsolidagi fotosuratni joylab, uni haqorat qilganligini, Andijon viloyatining barcha tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida muntazam ravishda ish faoliyatlari qonuniyligi yuzasidan aynan F.Buzrukovning tashabbusi bilan tekshirishlar va o‘rganishlar o‘tkazilishini, ushbu Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tarqatilgan fikrlar va fototasvir juda ko‘p pedagoglarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lganini, ushbu harakatlari uchun Abdufatto Nuritdinov qonuniy jazo olishi zarurligini aytib, ko‘rsatma berdi.
Sud huquqbuzar Abdufatto Nuritdinovning yuqoridagi huquqbuzarlik harakatlari bo‘yicha aybi surishtiruv organi tomonidan to‘plangan va sudda tekshirilgan dalillar, xususan, surishtiruv davrida olingan tushuntirish xatlaridagi ko‘rsatmalar, sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari, ish hujjatlaridagi arizalar, bildirgi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar, Facebook ijtimoiy tarmog‘idan olinib nusxalari ilova qilingan yozishmalar va foto-lavhalar, o‘rganish ma’lumotnomalari va ularga ilova qilingan hujjatlar hamda ish bo‘yicha to‘plangan dalillar majmui bilan o‘z isbotini topgan deb hisoblab, surishtiruv organi tomonidan Abdufatto Nuritdinovning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.
Sud Abdufatto Nuritdinovning aybiga iqror bo‘lmasdan bergan ko‘rsatmalarini muqarrar jazodan qutulishga qaratilgan harakat deb tanqidiy baholadi va unga nisbatan jazo tayinlashda uni to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi va 41-moddasi bilan qonun sanksiyasi doirasida jarima jazosi va 183-moddasi bilan ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlashni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil og‘irroq ma’muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida jazo tayinlashni, 2017-yil 9-yanvardagi “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni ma’muriy qamoqda saqlash xarajatlarining undirilishi bazaviy hisoblash miqdorinining 15 foizi belgilanganini inobatga olib, qamoqda saqlash xarajatlarini Abdufatto Nuritdinovdan undirishni lozim topdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Abdufatto Nuritdinov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Abdufatto Nuritdinovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Abdufatto Nuritdinovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Jazoni o‘tash muddati 2019-yil 30-dekabr kuni soat 19:45 dan boshlab hisoblangan.
Abdufatto Nuritdinovni qamoqda bo‘lgan har bir kuni uchun 33 450 so‘m miqdorida, jami 501 750 so‘m qamoqda saqlash xarajatlarining undirilishi belgilandi.
Qarorni ijro qilish Andijon shahar IIB zimmasiga yuklatildi.
Jabrlanuvchilarga ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish (ma’naviy zararni qoplash) masalasi fuqarolik sud ishini yuritish tartibida hal etilishi tushuntirildi.
Qarordan norozi taraflar ikki oy ichida, huquqbuzar qaror nusxasini olgan kundan boshlab ikki oy ichida shu sud orqali Andijon viloyat ma’muriy sudining kassatsiya instansiyasiga shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqliligi ma’lum qilinadi.
Avvalroq Facebook’da “Otabek Nuritdinov” taxallusi bilan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinov blogerlik faoliyati davomida birovga tuhmat qilgani, haqoratlagani va bezorilik qilganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamalgani haqida xabar qilingan.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev hodisaga munosabat bildirib, IIB va boshqa organlarning yashin tezligida fuqaroni axborot tarqatgani va o‘z fikrlarini bayon qilgani uchun jazolashga erishgani qandaydir buyurtmani bajargandek taassurot qoldirayotganini qayd etgandi.
Izoh (0)