Bu hafta Sarvar usta hafta muammolari bilan cheklanmay, har yil yakunida ko‘tariladigan bir masalaga to‘xtalib o‘tadi.
* * *
Mukammal ko‘rmoqchi bo‘ldik dunyoni,
Yetuk bo‘lolmadik o‘zimiz biroq.
Bu Abdulla Oripovning she’ri. Qayta-qayta o‘qib shoirning nishonga urganiga amin bo‘laverasan. Dehqonchasiga ifodalasak, “dushanbadan boshlab ozaman”, deysan, “shu oydan sport bilan shug‘ullanaman”, deysan, biroq natija istak darajasiga yetmay qolaveradi. “Xoteli kak luchshe, poluchilos kak vsegda”, deydi va’dani quyuq qilib, mo‘ljalga urolmagan rusiyzabonlar.
Gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, ma’naviy haqqimiz bo‘lmasa-da, qadriyat darajasiga yetib qolgan bir an’anamizga shak keltirmoqchimiz. Qariyb o‘ttiz martadirki, yillarni nomlaymiz.
Yillarni xitoyliklar bip-binoyidek nomlagan: sichqon, to‘ng‘iz, tovuq... Ammo bizdagisi fermer xo‘jaliklari nomini eslatadi: uch qavatli bo‘lishi shart. Undan ham qizig‘i, bu nomlar juda-juda ham tabiiyligidir. Ijobiy ma’nodagi tabiiylikni nazarda tutmayapmiz, afsuski. Masalan: ijtimoiy himoya yili, sog‘lom bola yili, obod turmush yili... Qiziq, faqat shu yili ijtimoiy himoyaga diqqat qaratiladimi? Sog‘lom bola yilida bolalarni parvarishlab keyingi yili o‘z holiga tashlab qo‘yiladimi? Xo‘sh, obod turmush yilidan boshqa yili turmush obodligi yo‘qoladimi? Ishoning, bu kishini ajablantirmay qolmaydi, chunki bular har doim davlatning diqqat markazida turishi lozim bo‘lgan masalalardir. Har doim.
Siz “shunga shunchami, har tugul bu yillarda ijtimoiy himoyaga doir qonun-qarorlar chiqadi, bolalarga qo‘shimcha imtiyozlar yaratiladi, yosh oilalarga uy-puy ajratiladi”, dersiz. Balki, qisman haqdirsiz. Ammo hafsalangizni pir qilishga dalillarimiz yetarli. Ba’zan yil nomiga butunlay teskari ishlar bo‘ladi. Yoshlar yilida o‘qish to‘lov-shartnomasi narxi oshadi, obod turmush yilida “snos”lar fuqaroni holdan toydiradi, qishloq taraqqiyoti yilida esa fermerlikni takomillashtirish bahonasida yerlarni qayta bo‘lib, dehqon xonavayron qilinadi. “Xoteli kak luchshe, poluchilos kak vsegda”.
Yana bir g‘aroyib hol yillar nomi bir-birini takrorlashidir.
- 2002-yil – Qariyalarni qadrlash yili, 2015-yil – Keksalarni e’zozlash yili;
- 2000-yil – Sog‘lom avlod yili, 2014-yil – Sog‘lom bola yili;
- 1998-yil – Oila yili, 2012-yil – Mustahkam oila yili;
- 2001-yil – Onalar va bolalar yili, 2014-yil – Sog‘lom bola yili.
G‘alizliklar haqida ham to‘xtalmoqchimiz. “Obod mahalla” bo‘lishi mumkin, biroq o‘zbek tilida “obod turmush” iborasi bormi? Asli “farovon turmush” bo‘lishi kerak emasmi? “Sog‘lom bola” iborasi yil nomidan qo‘llandi. Asli “sog‘lom avlod” chiroyli ibora, ammo yillar nomi takror bo‘lmasligi uchun “avlod”ni “bola”ga almashtirildi. Maqsad bolalarimizni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, “sog‘lom farzand” deyilishi kerak emasmidi? “Bola” so‘zining ma’nosi keng, hatto parranda-yu darrandaning ham bolasi bo‘ladi, biroq farzand deb faqat inson bolasiga nisbatan aytiladi. Binobarin, “sog‘lom farzand” deyilsa, maqsadga yaqinroq bo‘lardi.
Asli bular yozilishiga Telegram’dagi xabar tarqatuvchi kanallarining biridagi so‘rovnoma sabab bo‘ldi. Ovoz beruvchilarning yarmidan ko‘pi O‘zbekistonda yillarni nomlash an’anasi o‘zini oqlamayapti, deb hisoblarkan.
Kirib kelayotgan yil hozircha o‘z nomiga ega bo‘lmagani O‘zbekiston tarixidagi yangi voqea bo‘ldi. Mutasaddilar parlamentga qayta saylov bo‘lib o‘tishini kutayotgan bo‘lsa ajabmas. Lekin shu bahona yillarni nomlash an’anasi barham topsa, undanam katta yangilik bo‘ladi.
Mana, hurmatli o‘quvchi, yig‘ilib qolgan gaplarni o‘rtaga tashladik. Keng ko‘lamli bir odatimizni tanqid ostiga olishga jur’at qildik. Xulosa sizdan.
Yangi, hozircha nomi yo‘q yilingiz bilan.
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Avvalgi hafta ijtimoiy muammolari:
Qo‘shni davlatdan gaz import qilaylik
Uyqu markazidan ovqat markazigacha
Sartaroshxona siyosiy suhbatlari
Nanomaterialdan ketmon yasab...
G‘aniyev g‘ildirakni g‘izillatib g‘ildiratdi
Izoh (0)