Iroq prezidenti Barham Solih iste’foga chiqish to‘g‘risida parlamentga so‘rov jo‘natdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.
“Prezidentlik lavozimi xalq irodasiga javob berishi lozim. Hozirgi sharoitda milliy mas’uliyatim mening iste’foga chiqishim kerakligini ko‘zda tutadi. Sizlar ko‘rsatgan nomzodni qo‘llab-quvvatlamayman va iste’foga chiqishni ma’qul ko‘raman”, — dedi u parlament spikeriga.
24-dekabr kuni uzoq munozaralardan keyin “Al-Bino” alyansi bosh vazirlik lavozimiga Basra viloyati gubernatori, 52 yoshli al-Idaniy nomzodini ilgari surgandi.
Bunga qadar mamlakatdagi namoyishchilar vazirlar mahkamasiga hech qaysi partiyaga mansub bo‘lmagan va 2003-yildan buyon hech qanday mas’ul lavozimda ish olib bormagan siyosatchi rahbar bo‘lishi kerakligini talab qilgandi.
Shu sababli Barham Solih amaldagi ta’lim vaziri Qusay as-Suhaylning bosh vazirlikka ko‘rsatilgan nomzodini rad etgandi.
Iroqdagi norozilik namoyishchilari al-Idaniyning nomzodiga keskin qarshi chiqmoqda. Ular avvalroq as-Suhayl nomzodiga ham qarshi chiqqandi.
Dekabr oyi boshida Iroq bosh vaziri Odil Abdul Mahdiy parlamentga iste’fo so‘rab murojaat yo‘llagan edi.
Mavzuga doir: Iroq bosh vaziri iste’fo so‘radi
Izoh (0)