Shu yilning 25-dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tuman 105-saylov uchastka saylov komissiya a’zolari tomonidan bir qancha saylov byuletenlarini saylov qutisiga o‘zlari tashlab, saylov natijalarini soxtalashtirishga urinayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.
“Sof.uz”ning yozishicha, holat yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Toshkent shahar saylov komissiyasi, Bektemir tuman saylov komissiyasi va prokuratura organlari bilan birgalikda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, 105-uchastka saylov komissiyasining 22-dekabrdagi saylov natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari bekor qilindi va haqiqiy emas deb topildi.
Qayd etilishicha, mazkur saylov uchastkasi bo‘yicha saylov natijalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 141-Temiryo‘lchilar va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 8-Suvchi shahar okrug saylov komissiyalarining tegishli okruglar bo‘yicha saylov natijalariga ta’sir qilmasligi inobatga olindi.
Bektemir tumani saylov komissiyasi tomonidan 18-Visol saylov okrugida 2020-yil 19-yanvar kuni takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, tuman saylov komissiyasi tomonidan 105-uchastka saylov komissiyasining tarkibini almashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.
Prokuratura organlari tomonidan ushbu holatga huquqiy baho berish uchun surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq, Toshkent shahar hokimligi Yashnobod tumanidagi saylov uchastkalarida “chernovik” protokollardan foydalanishi holatlari sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq jurnalistlar va blogerlar yarim tun bo‘lishiga qaramasdan Yashnobod tumaniga yo‘l olib, mazkur vaziyatni o‘rgangan edi.
Izoh (0)