Maktabgacha ta’lim vazirligi ichki audit xizmati tomonidan 2019-yil davomida 20 milliard so‘mdan ortiqroq moliyaviy huquqbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda 26-dekabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Vazirlik taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, yil davomida 12,1 milliard so‘m noqonuniy xarajatlar uchun sarf etilgan. Davlat xaridlari borasida 5,2 milliard so‘mlik qonun buzilishlari aniqlangan. Mablag‘larni maosh va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga 3,4 milliard so‘m noqonuniy sarflangan. 431 ta holat bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. Aniqlangan qonunbuzilish faktlar bo‘yicha 3,6 milliard so‘m undirilgan.
Agar 2018-yil davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 1 nafar bolaga yiliga o‘rtacha 3,8 million so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019-yilda bu hajm 4,6 million so‘mga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 13 500 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 90% ga ko‘proq. Maktabgacha ta’lim qamrovi 2017-yilga nisbatan 27,7 foiz, 2018-yilga nisbatan esa 37,7 foizni tashkil etmoqda. Bugungi kunda qamrov 52 foizni tashkil qilmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi 2020-yilda qamrovni 59,5 foizga yetkazish hamda 85,2 foiz 6 yoshli bolalarni majburiy 1 yillik ta’lim bilan qamrab olishni rejalashtirgan.
Izoh (0)