Surxondaryoda ayollar sochini sotib olish bahonasida vaqtincha qarovsiz qoldirilgan xonadonlarga kirib, o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan jinoyatchi guruh qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati xabar beryapti.
Xabarga ko‘ra, mahallalarda qarovsiz qoldirilgan xonadonlarni tunashni kasb qilib olgan o‘g‘rilar guruhi 5 kishidan tashkil topgan bo‘lib, ular Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan iborat bo‘lgan. Guruh a'zolari viloyat IIB xodimlari tomonidan o'tkazilgan tadbirlar paytida qo'lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 28 fevral kuni, Qiziriq tumanida yashovchi fuqaro G‘ulomjon Shoyimqulov tuman IIB ga murojaat qilib, noma’lum shaxslar uning yashash uyiga g‘ayriqonuniy tarzda devor orqali o‘tib, 3 million 900 ming so‘m pullari va turmush o‘rtog‘iga tegishi bir dona ayollar tilla zanjiri, bir juft brilliant ko‘zli uzuk-sirg‘alar hamda uch dona tilla uzukni yashirin tarzda talon-taroj qilib, voqea joyidan yashiringanligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qiziriq tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “G” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIB xodimlar tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv natijasida ushbu jinoyat Namangan shahrida yashovchi, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan muqaddam bir necha marotaba sudlangan N.D. hamda uning turmush o‘rtog‘i S.M., jinoiy sheriklari A.M., J.R., muqaddam bir marotaba sudlangan fuqaro A.E.dan tashkil topgan jinoiy guruh tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxslar boshqa o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi ehtimoli mavjudligi yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)