Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov partiyalar saylovoldi dasturlarida mahalla institutiga taalluqli jiddiy g‘oyalarni ilgari surmaganini bildirdi. U bu haqda 22-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazidagi hisobotidan so‘ng “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tdi.
“Beshala partiyaning bo‘lib o‘tgan debatlari, OAVlardagi chiqishlari va saylovoldi dasturlarida mahalla to‘g‘risida va bu tizimni rivojlantirishga qaratilgan fikrlar, taklif va tashabbuslar mavjudiligini uchratmadim. Faqatgina Xalq demokratik partiyasining mahallalarga yaqinroq pozitsiyasini anglagan bo‘lsam-da, ammo boshqa partiyalardan mahalla fuqarolar yig‘inlari tizimi bo‘yicha biror gap eshitganim yo‘q.Tashkilotimizga oid qonun bugungi davr talablariga mos kelmaganligi bois, tegishli idora va amaliyotchilarimiz bilan 78 moddadan iborat yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqdik hamda Qonunchilik palatasiga kiritdik. Yangi saylangan deputatlarimiz bizning tizim bo‘yicha qabul qilinadigan mana shu qonunni, hech bo‘lmasa ishlab chiqishida, birinchilardan bo‘lib o‘z fikrlarini bildirishadi, degan umiddaman.
Yangi parlament yangicha yo‘nalishlar bilan O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishida xizmat qiladi, degan niyatdaman”, — dedi Shavkat Javlonov.
Izoh (0)