O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Hayraton va Mozori-Sharif shaharlarida bo‘ldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: TIV matbuot xizmati

Safar doirasida Balx viloyati gubernatori Is’hoq Rahguzar, Hayraton shahri hokimi Abdul Rauf Amiri, Balx viloyati bojxona ma’muriyati va “Hayraton” nazorat-o‘tkazish punkti chegara xizmati rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Muzokaralar doirasida Balx va Surxondaryo viloyatlari o‘rtasidagi qo‘shma ishchi komissiyasining birinchi majlisi chog‘ida noyabr oyi boshida erishilgan kelishuvlarning borishi muhokama qilindi.

Afg‘onistonning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida Balx Savdo-sanoat palatasi raisi Orash Yunusi bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Balx viloyati ma’muriyati va shimoliy viloyatlar ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar davomida afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlardagi faol ishtiroki, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi, shuningdek, afg‘on milliy kadrlarini tayyorlashda ko‘maklashish masalalariga e’tibor uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik izhor etildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, chegaraoldi savdosini rivojlantirish, shuningdek, mavjud to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini muhokama qildi.

Balx SSP rahbariyati va Afg‘oniston kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistondan import qilinadigan mahsulotlar turlarini kengaytirish yo‘llari va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarga investitsiya jalb qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.