“Daryo” kolumnisti Sarvar usta an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.
Prezident – mamlakat yetakchisi. Aniqrog‘i, u mamlakatni yetaklab kelajak sari eltadi. Shu nuqtai nazardan qarasak, uning fikrlari, nutqlaridan parcha, qanotli iboralari joylarga yozib qo‘yilishi tabiiy holdek ko‘rinadi. Taraqqiy etgan davlatlar ham bundan istisno emas. Shunaqa-ku...
Shunaqa deysiz-u, istagan narsasini yozib, ostiga prezident ismini qo‘yadiganlarga nima deysiz? Maqolaning peshonasini yarqiratish uchun prezidentdan iqtibos keltirishlariga ko‘nikdik, ammo prezident aytmagan gapni aytdi, deb yozish kamida hurmatsizlik hisoblanishi kerak emasmi? Bo‘lmasa, ehhe, bilasizmi, nimalar yuz berishini?
Avvallari ko‘cha-ko‘yda marhum prezident Islom Karimovning iqtiboslariga ko‘zimiz tushmagan joy yo‘q edi. Endi Shavkat Mirziyoyevning iqtiboslarini tez-tez uchratamiz. Qashqadaryoning Pochkamar suv omboriga yaqin joyda katta avtotrassa chetidagi plakatga “Tadbirkorning ishi ko‘p, Qayda bo‘lsa ishi xo‘b”, deb yozib, ostiga prezident ism-sharifini qo‘yishibdi. Hech eslolmadim – prezident biror marta qofiyali ibora aytganmidi?
Kasbi tumanining Qamashi QFYga kirishda esa prezident nomidan yana bir g‘aroyib ibora yozilibdiki, o‘qisangiz “bu o‘zbek xalq maqoli emasmidi?” deysiz. Qamashiliklardan originalini kutib qolamiz.
Eng qizig‘iga endi keldik. Termiz shahridagi bosh shifoxona devoriga yozilgan fikrni o‘qing: “Tibbiyot xodimlari salomatligimiz posbonlaridir”. Uzr, bu gap yozilmaguncha tibbiyot xodimlari salomatligimizga posbon ekanligini bilmasmidik? Mana, bugun bilib oldik, bizdan baxtli yo‘q. Yana bu qadar sodda, hamma biladigan gapni prezidentga nisbat berilgani nimasi?
Xo‘sh, yana qanday iboralarni xalqqa yedirmoqchi bu mahalliy rahbarlar? Yozavering, “Yoz issiq, qish sovuq bo‘ladi, qishda pechka qurish kerak, yozda esa shart emas”, deb yozing. “Maktabda bolaga bilim beriladi, shifoxonada esa davolanadi”, deb yozing. “Hovuzda suv bo‘ladi, cho‘milishga tushsangiz ho‘l bo‘lasiz, keyin artinishni unutmang”, deb yozsak-chi? “Bankda pul bo‘ladi, qassobxonada esa go‘sht sotiladi. Bankdan go‘sht, qassobxonadan pul so‘rash O‘zbekiston fuqarosiga joiz emas”, deb yozilsa qanday bo‘ladi? Ostiga nima yozishni yaxshi bilasiz.
Ozgina kitob o‘qiylik, yaxshilar. Hech bo‘lmasa prezident nutqi va asarlaridan nimani olishni o‘rganaylik.
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Avvalgi hafta ijtimoiy muammolari:
Ko‘raylikchi, qaysi viloyatniki uzun, kimniki baland?
Qo‘shni davlatdan gaz import qilaylik
Uyqu markazidan ovqat markazigacha
Sartaroshxona siyosiy suhbatlari
Nanomaterialdan ketmon yasab...
G‘aniyev g‘ildirakni g‘izillatib g‘ildiratdi
Izoh (0)