Har yilning 10-dekabr sanasida Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Nobel mukofotini egalariga tantanali topshirish marosimi o‘tkaziladi. Bu haqda “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov hikoya qiladi.
Mukofot ta’sischisi Alfred Nobel 1896-yilning aynan shu sanasida miyaga qon quyilishi tufayli vafot etgan edi. U 1895-yilning 27-noyabr kuni yozib qoldirgan va omma e’tiboriga 1897-yil yanvarida e’lon qilingan vasiyatga ko‘ra, har yili fizika, kimyo, tibbiyot va fiziologiya, adabiyot va tinchlik sohalarida katta ilmiy yutuqlarga erishgan shaxslar Shvetsiya qiroli va qirollik oilasi vakillari ishtirokida mukofotlanadi.
Ilk bor Nobel mukofoti 1901-yilning xuddi shu sanasida egalariga topshirilgan. O‘shanda Vilgelm Rentgen, Yakob Vant-Goff, Syulli Pryudom, Emil Bering, Anri Dyunan va Frederik Passi mukofotning birinchi sohiblariga aylangan edi.
Bu yilgi Nobel egalari ham 10-dekabr sanasida Stokgolmda jam bo‘ladi. Asosiy tantanalar shahar ratushasida o‘tkaziladi. Tinchlik bo‘yicha mukofot esa an’anaga muvofiq Norvegiya poytaxti Osloda, Norvegiya qiroli tomonidan beriladi.
Mukofot egalari Stokgolmga bir necha kun avvalroq yetib keladi va ilmiy sohalari bo‘yicha maxsus Nobel ma’ruzalarini o‘tkazadi. Xususan, 9-dekabr soat 00:45 da fizika bo‘yicha joriy yilgi Nobel ma’ruzasi, 03:05 da kimyo bo‘yicha Nobel ma’ruzasi to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etildi. Shuningdek, marosim oldidan o‘tkaziladigan an’anaviy Nobel suhbatlari ham juda qiziq bo‘ladi. Unda olimlarning shaxsiy hayotiy prinsiplari, turli hodisalarga munosabati va boshqa masalalar haqida so‘z boradi.
Asosiy marosim ratushaning moviy zalida bo‘lib o‘tadi. Avvaliga faxriy qorovul hamrohligida laureatlar zalga kirib keladi va joylarini egallaydi. Keyin esa Shvetsiya qiroli va malika, uning ortida esa taxt vorisi va uning turmush o‘rtog‘i tashrif buyuradi.
Marosimni Nobel qo‘mitasi raisi kirish so‘zi bilan ochib, Nobel xotirasiga hurmat bajo keltiradi va qisqa nutq so‘zlaydi. So‘ngra mukofot birma bir egalariga qirol tomonidan topshiriladi.
Ratushada Shvetsiya simfonik orkestri alohida tayyorgarlik bilan maxsus ritmik zarbli musiqalar ijro etadi. Mukofotni yo‘nalishlar bo‘yicha topshirishlar orasidagi musiqali tanaffuslarda jahon klassikasining nodir namunalaridan ijro etadi. Qisqasini aytganda, marosim juda yuksak hashamat bilan tashkil etiladi va olimlarning ilmiy ishlari uchun munosib e’tiroflar yangraydi.
Shu kunning o‘zida, kechki soat 19:00 da Nobel sohiblari va ularning yaqinlari uchun tantanali banket uyushtiriladi. Mukofot egalari orasida ayol kishi bo‘lsa, shved qiroli ulardan birining qo‘lini tutgan holda zalga kirib keladi. Ayol kishi bo‘lmasa, biror laureatning ayoli ushbu vazifani bajarishi mumkin. Albatta, banket qirol hazrati oliylarining sharafiga qadah ko‘tarish bilan boshlanadi. Bu sana Nobel vafot etgan sana ekani tufayli uning xotirasiga hurmat bajo keltiriladi.
Nobel so‘nggi nafasini olgan joy – Italiyaning San-Remo shahri ma’muriyati har yili marosim uchun Stokgolmga 23 mingta guldan iborat maxsus gulchambar yuboradi. Bu gullar Nobel mukofotini topshirish marosimlarini bezashda ishlatiladi. Odatda soat 22:15 da qirol hammani raqsga taklif etadi. Raqs va ball ratushaning oltin zalida bo‘lib o‘tadi. Bayram 11-dekabr soat 1:30 da tugaydi.
Bir necha yillardan buyon Nobel mukofoti qo‘mitasi mukofotni topshirish jarayoni va banketlarni YouTube’ga joylab kelmoqda. Bu yilgisini ham ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)