Samarqandda AQSh hamda dunyo kinosanoati markazlaridan biri bo‘lgan Gollivud tipidagi kino shaharchasi quriladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bergan.

Foto: “Daryo”

Samarqand viloyati Nurobod tumani Oqsoy hududida qurilishi rejalashtirilgan kinoshaharcha loyihasi Vendo group kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

“Loyihaning umumiy yer maydoni 160 gektar bo‘lib, shaharcha Cinema City Sollywood nomini oladi. Unda zamonaviy ko‘rinishdagi 3—4 yulduzli mehmonxonalar, restoran va kafelar, dam olish va istirohat bog‘lari (bulvar, tropik), akvapark, kinoteatr, konsertlar va konferensiyalar o‘tkaziladigan zallar barpo etiladi,” — deydi loyiha muallifi H.Mamasoliyev.

Foto: “Daryo”

2022-yilda to‘la quvvatda ishga tushiraladigan ushbu loyiha tufayli hududda 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari ochiladi. Shaharcha AQShning Daha USA Group hamda Xitoyning Yiwu Compass Trading kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladi. Birinchi bosqichda 15,0 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya mablag‘larini kiritish rejalashtirilgan.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, shaharchada avtomobil ishqibozlari uchun “Avtoralli yo‘lagi”, turizmni rivojlantirish va sayyohlar tashrifini oshirish uchun Okeanarium qurish ham ko‘zda tutilgan.