Andijonlik X.Q. o‘zini Artel kompaniyasining hududiy dileri sifatida tanishtirib, odamlarning qariyb 100 ming dollar pulini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirdi. Bu haqda Andijon viloyati prokuraturasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, X.Q. 2017-yilning oktabridan 2019-yilning avgustiga qadar yangi qurilayotgan shifoxona, mehmonxonalarga televizor, konditsioner va muzlatkich yetkazib berish uchun pul yig‘ayotganini, biroq mablag‘i yetmayotganini aytib, odamlardan pul olgan.
Shu maqsadda ayol sakkiz kishining jami 98 005 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)