Livanda bosh vazir vazifasini bajarayotgan “Al-Mustaqbal” ijtimoiy-siyosiy harakati yetakchisi Saad Haririy koalitsion vazirlar mahkamasini boshqarishni butunlay rad etdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“Ushbu qarorga kelishimga inqirozdan texnokratlar hukumati tashkil qilmasdan turib chiqib bo‘lmasligini ko‘rib turganim tufayli keldim”, — deydi Haririy.
Shuningdek, u respublika prezidenti Mishel Aunga parlament maslahatlashuvini o‘tkazish va yangi bosh vazir tayinlashni tavsiya etgan.
“Yoki men, yoki hech kim aqidasiga bog‘lanib qolmagan. Livanliklar oxirgi 30 yil ichida hukumat tarkibida bo‘lgan barchani javobgarlikka tortmoqchi. Men o‘sha ro‘yxatdagi kishilardan biriman”, — deya ta’kidlagan Haririy.
2009—2011-yillar va 2016—2018-yillarda koalitsion hukumatni boshqargan “Al-Mustaqbal” yetakchisi 29-oktabrda Livanda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida iste’foga chiqqan.
Livanda xalqning norozilik namoyishlari 17-oktabrda boshlangan, bosh vazir Saad Haririy iste’foga chiqqach, uning o‘rnini mamlakat sobiq moliya vaziri egallashi mumkinligi xabar qilingan. Biroq Muhammad Safadiy mamlakat bosh vaziri bo‘lish uchun o‘z nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilgan va iste’fo bergan hukumatning sobiq rahbari Saad Haririy o‘z lavozimiga qaytishiga umid qilishini bildirgandi.
Izoh (0)