22-23-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan OAV uchun media-tur tashkil etildi. Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan sport inshootlari bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘ldi.
Yoshlarni sportga jalb etish, bu orqali ularni sog‘lom qilib voyaga yetkazish maqsadida boks, karate, futbol, suzish va boshqa ommaviy sport turlari uchun qanday shart-sharoit yaratilgani ko‘zdan kechirildi. Quyidagi fotolavhalar orqali ushbu sharoitlar haqida batafsil tanishib olishingiz mumkin.
Farg‘ona viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi
2014-yilning sentabrida foydalanishga topshirilgan sport maktabi 550 o‘rinli, uzunligi 24,60 x 54,70 m2 o‘lchamli katta sport zal, 12x18 m2 o‘lchamli boks zali, 8,50x12 m2 o‘lchamli kurash zallari mavjud. Shuningdek, ikki qavatli ma’muriy bino, yuvinish, kiyinish va tibbiyot xonasi, qozonxonalar, tashqi va ichki sanuzellarga ega.
Farg‘ona shahar 1-bolalar o‘smirlar sport maktabi
Farg‘ona shahar 1-bolalar o‘smirlar sport maktabining 2 ta filiali mavjud bo‘lib, umumiy hisobda 1400 nafardan ziyod sportchi-o‘quvchi mashg‘ulot o‘taydi.
Ko‘p tarmoqli sport majmuasi
Sport majmuasida 4 ta oddiy va 1 ta xalqaro standartlarga javob beradigan 3000 o‘ringa ega sport zallari mavjud.
Bu yerda bir vaqtning o‘zida 400 nafar sportchi uchun mashg‘ulotlar o‘tash imkoniyatiga mavjud.
Vodiy tulporlari
2017-yil iyun oyidagi 15-sonli Prezident farmoniga ko‘ra, qora bayir otlarni O‘zbekistonda rivojlantirish maqsadida ot kompleksi qurilishi boshlandi. 2018-yilning may oyida foydalanishga topshirildi. Ot sporti federatsiyasining taklifiga asosan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidan qora bayir otlari olib kelingan. Ayni damda 48 dona ot parvarish qilinmoqda.
Farg‘ona ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati tasarrufidagi yopiq suv havzasi
Ushbu suv havzasi 2014-yil foydalanishga topshirilgan edi. Farg‘ona shahar Quvasoy ko‘chasida joylashgan ushbu suv havzasi bir kunda 500 nafargacha odamga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Farg‘ona viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabiga qarashli “Istiqlol” tennis majmuasi
Bu yerda ayni paytda 93 nafar sportchi tennis bilan shug‘ullanmoqda. Ta’kidlash joizki, ularning 38 nafarini qizlar tashkil etadi. Ushbu sport maktabida sportning 12 turi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tish mumkin. Bular: futbol, voleybol, basketbol, gandbol, minifutbol, tennis, stol tennisi, chim ustida xokkey, yengil atletika, shashka, badminton, regbi bo‘limlari.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Farg‘ona viloyati bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi
Akademiyada 21 nafar murabbiy yosh toifalari bo‘yicha 7 guruhga UFA tomonidan taqdim etilgan dastur bo‘yicha futbol mashg‘ulotlarini olib borishadi. U yerda 200 o‘ringa ajratilgan yotoqxona, 160 o‘rinli oshxona, 36x18 hajmda sport o‘yinlar zali, 90x65 hajmda futbol maydoni, 40x20 futbol maydonchasi, 50x25 va 25x10 hajmdagi suzish havzasi va 1 ta ikki qavatli ma’muriy bino mavjud.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabi
Sport maktabi 2016-yilning mart oyidan buyon o‘z faoliyat yuritib kelmoqda. U yerda 1500 nafar yoshlar sport bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Izoh (0)