Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Haydovchi Qoraqalpoqda DAN xodimlari bilan janjaldan so‘ng sirli tarzda olamdan o‘tdi” sarlavhali maqola yuzasidan bayonot berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan 12-noyabrda A-380 “G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beynou” yo‘nalishida fuqaro N.Holiqovning murdasi topilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlanishicha, 12-noyabr, seshanba kuni taxminan soat 22:00 larda Qo‘ng‘irot tumanidagi bojxona postida fuqaro S.Urinov boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB 3-safarbarlik guruhi inspektorlari tomonidan to‘xtatilib, yo‘l harakati xavfsizligi qoidasi buzilganligi holati yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilishi haqida aytilganida, avtomashina yo‘lovchisi O.Husanov inspektorlarni haqorat qilgan.
O.Husanov inspektorlar bilan janjallashgan vaqtida avtomashina yo‘lovchisi Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi N.Holiqov ushbu holatni telefonining video kamerasiga olish jarayonida YHXB inspektorlari undan videoga olmasligini so‘ragan. Shunda N.Holiqov YHXB inspektorlari telefonini olib qo‘ymasligi uchun avtomashinadan tushib qochib ketgan.
Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng A-380 “G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beynou” asfalt yo‘lining 874—875-kilometrida (tadbir o‘tkazilayotgan joyidan 450 metr uzoqlikda) N.Holiqovning murdasi topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum N.Holiqovning o‘limiga yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Holat bo‘yicha YHXB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Izoh (0)