“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Gabriel Garsia Markesning “Patriarxning kuzi” romani haqida hikoya qiladi.
Fleshbek
Azaldan Markesning fanatiman desam bo‘ladi. Uning deyarli barcha yirik asarlarini o‘qib chiqqanman. Bugun tahlill uchun tanlaganim “Buzrukning kuzi” romanini o‘qib chiqqach, juda ko‘p o‘ylanib yurganman. Insoniyat yaralibdiki, uni so‘zsiz boshqarishning yagona effektiv formulasining asosini albatta qo‘rquv tashkil qilishini shu asar orqali anglab yetganman.
Asar haqida
Roman 1975-yilda buyuk yozuvchi Gabriel Garsia Markes tomonidan yozilgan. Asarning bosh qahramoni – 100 yildan ortiq vaqt davomida hokimiyatda bo‘lgan o‘zgarmas diktator. Uning prototipi Lotin Amerikasi davlatlarining bir nechta haqiqiy rahbarlaridan olingan: Xuan Visente Gomes (Venesuela), Xerardo Machado va Fulxensio Batista (Kuba), Porfirio Diaz (Meksika), Gaspar Fransia (Paragvay). Garsia Markesning so‘zlariga ko‘ra, u romanni o‘n besh marta qayta yozgan va dastlab kitob yomon sotilgan – o‘quvchilarga u “Yolg‘izlikning yuz yili”ga o‘xshamaydigan asar bo‘lib tuyulgan.
Syujet
Grotesk shaklida yozilgan roman zolimlarning umumlashtirilgan qiyofasi orqali shakllantirilgan Lotin Amerikasi diktatorining hayotini hikoya qiladi. Qahramon juda fantastik va bema’ni shaklda tasvirlangan; u hokimiyat g‘oyasining timsolidir. Prezidentning tarjimai holidagi haqiqiy dalillar kamaytiriladi: u XIX asrning birinchi yarmida tug‘ilgan, ismi Sakarias; onasi kambag‘al parrandachi, Bendion Alvarado; amerikalik dengizchilar yordamida prezident bo‘lgan; vafot sanasi noma’lum. Diktatorning hayoti haqidagi bu voqea uning boshiga tushgan ko‘plab ishlar, hikoyalar va afsonalardan iborat. Ammo muallif ko‘pincha bu ma’lumotlarni bir-biri bilan qarama-qarshi qo‘yishi oqibatida haqiqat va fantastika qayerda ekani aniq emas. Buni aniqlash esa o‘quvchiga bog‘liq.
Tahlil
“Patriarxning kuzi”da Garsia Markes noyob va betakror adabiy uslub orqali, Janubiy Amerika diktatorlari obrazlaridan foydalangan holda, general hayotining so‘nggi lahzalarini mohirlik va zukkolik bilan qayta tiklaydi. Yaxshilab o‘ylab qaralsa, bu taqqos har qanday universal diktatorga mos tushishi mumkin. Asar hayotning cho‘qqisini zabt etgan, kuch va qo‘rquv, yolg‘izlik va yurak xuruji, yolg‘on va xiyonat chegaralarida yashagan inson haqida. Hokimiyatni egallab olgan va uni shaxsiga moslashtirgan, hatto soyasini idealizatsiya qiladigan, shafqatsiz va qonli qatag‘onlar tizimi orqali fuqarolarda qo‘rquv keltirib chiqaradigan odam haqida. Asar Markes xayoloti mahsuli bo‘lsa-da, u ham aslida haqiqiy hikoya...
Ammo “Buzrukning kuzi” ayniqsa diktator umrining oxiri oddiy afsona doirasidan chiqib ketgan. Bu kitob o‘zini saqlab qolish uchun diktator malaylari tomonidan o‘ylab topilgan yolg‘on, hiyla-nayrang ishlatuvchi tizimga asoslangan mutlaq qudratning yolg‘izligi haqidagi ajoyib hikoya va sehrli realizmdir. Diktatorlarning ehtiros va jinniliklarining avjiga chiqishiga sabab shundaki, hech kim ularga nisbatan samimiy munosabatda emas, hech kim ularga bu kabi narsalarni aytishga jur’at eta olmaydi. Diktatura hokimiyatida rahbarning buyrug‘i har qancha g‘ayriqonuniy bo‘lmasin, bajarilishi kerak. Bajarilishi lozim narsa bajarilmasa, ta’qib va shafqatsizliklar vujudga kelishi mumkin. Kitob sahifalarida aytilgan voqea miyangizni emas, yuragingizni hayratga soladigan hikoyadir. Xayoliy soyalar va arvohlarga go‘yo ular et va qondan bo‘lgan odamlar kabi ishonadigan, zulmatda va soxta shaxslarning hayotida yashaydigan, hatto tush va xayollarida ham real hayotdan mutlaqo tashqarida bo‘lgan bechora xalqning hayoti haqidagi qayg‘uli va ma’yus hikoya.
“Buzrukning kuzi” asarida Markes diktator general ishtirokidagi turli voqealar va latifalar orqali uning onasi, yaqin sheriklari, tuzumga xoinlik qilganlar, diktatorning g‘azabiga duchor bo‘lgan baxtiqaro fuqarolar, o‘ynashlari, u sevgan yagona ayol va badkirdor farzandlari orqali asosan umri yolg‘ondan iborat va har qanday vaziyatda osonlikcha oqlab beriladigan umumbashariy mavjudotning so‘nggi hayotiy azob-uqubatlari haqida gapirib beradi. U hayoti so‘ngida butun umri davomida yonida bo‘lgan odamlar tomonidan o‘ylab topilgan yolg‘on ekanini tushunadi. Hayot bu yashash emas, yashash uchun kurashdan iboratdir.
“Buzrukning kuzi” sof sehrli realizm uslubining haqiqiy va ulug‘vor namunasidir. Bu uslub boshqa janrlardan juda katta farq qiladi, shuning uchun u haqiqiy emas, lekin ayni paytda kundalik dunyoga shu qadar bog‘langanki, kundan kunga miyadan tashqari yana boshqa sezgilarimiz bilan yashaymiz va tajriba to‘playmiz. Ta’kidlanishicha, roman Markesning eng yetuk davriga tegishli, aslida asar buyuk “Yolg‘izlikning yuz yili”dan keyin yozilgan.
Asarda apatiya holatiga kirgan qo‘rqoq va qo‘rquv ongostiga singib ketgan xalqni ko‘rishimiz mumkin. Ular diktatorni sevmaydi, undan qo‘rqadi, ammo qo‘rquv diktatorga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otadi. Absurd holat-a? Asarning jozibasi ham shunda.
Markesning bu romani oltita raqamsiz bobdan iborat. Taxminan oltita mustaqil mustaqil hikoya bloklari mavjud bo‘lib, unda generalning yotoqxonasida yotgan jasadini o‘laksaxo‘rlar yeb bitirayotgani rivoyat qilinadi. Ammo mustaqil ravishda kichik individual hikoyalar sifatida mukammal o‘qilishi mumkin bo‘lgan bu oltita hikoya murakkab xususiyatga ega bo‘lib, ular nuqsonsiz, alohida-alohida, sehrli realizm bilan to‘la doimiy paragrafda yozilgan. Kitobdagi hamma narsa Garsia Markesni umumjahon adabiyotining eng muhim yozuvchilaridan biriga aylantirgan, ajoyib uslubni o‘zida mujassam etgan noyob va ajoyib iboralar bilan ifodalangan uzun nutqdir.
Xulosa
Kitobni o‘qish jarayonida dunyoda mavjud va ilgari mavjud bo‘lgan barcha diktatorlarni ko‘rishingiz mumkin. Bosh qahramon bir abzatsda Stalinni eslatsa, ikkinchisida Gitlerni eslatishi mumkin. Haqiqatni haqiqiy bo‘lmagan shakllar bilan ko‘rsatadigan sof sehrli realizm olamiga kirish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang. Bu uslub shu qadar g‘aroyibki, u sizga hayotdagidan ko‘ra ko‘proq real ahvolni ko‘rsata oladi, chunki aslida sehrli realizm dunyoni o‘z holicha ifoda eta oladigan yagona adabiy uslubdir. Markesning muxlislariga bu asar yoqishi aniq. Muallif ijodi bilan tanish bo‘lmasangiz, bu asar orqali tanishmaslikni maslahat bergan bo‘lardim.
Iqtiboslar
Insonga tanasi va xotirasini kuchsizlantirishdan va mohiyatiga xiyonat qilishdan boshqa uni yanada kamsitadigan va shu bilan birga adolatliroq jazo yo‘q;
Haqiqat yoki safsata – farqi nima? Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa amalga oshadi, har qanday safsata!
Jin ursin, nega dunyoda o‘limimdan keyin hech narsa o‘zgarmadi? Qanday qilib Quyosh hali ham chiqib, botmoqda va hatto qoqilmayapti? Nega yakshanba yakshanbaligicha qoldi, jazirama men tirikligimdagiday chidab bo‘lmas darajada?
Bajarilishiga amin bo‘lmasangiz, hech qachon buyruq bermang!
Hokimiyatga bo‘lgan chanqoqlik hokimiyatga bo‘lgan to‘yib bo‘lmas tashnalikni keltirib chiqaradi.
- Gabriel oddiy telegraf operatori Elixu Garsia va Luizaning o‘n olti farzandidan biri, kattasi edi;
- ko‘pchilik bilmaydi, Markes bolalar uchun ertak yozishga ham harakat qilgan. Yozuvchining o‘g‘illari uni bunday qilmaslikka ko‘ndirishgan. Uning ertaklaridan birini o‘qib bo‘lgach, ular “siz haqiqatan ham bolalarni juda ahmoq deb o‘ylaysizmi?” deyishgan ekan;
- yozuvchining so‘zlariga ko‘ra, yozuvchi bo‘lmaganda, barda musiqachi bo‘lishni xohlagan. Shu orqali u “sevishganlarga bir-birini yanada ko‘proq sevishga yordam berishi” mumkin bo‘lgan ekan;
- “Yolg‘izlikning yuz yili” qo‘lyozmasini yuborish uchun 80 peso yetishmayotgan edi. Keyin u rafiqasi Mersedesning mikser va soch quritgichini garovga qo‘ygan. Buni bilib, rafiqasi shunday deydi: “faqat romanning yomon chiqqani haqidagi xabar yetishmayapti”.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Mavzuga doir:
Buyuk yozuvchining iqrori. “Iqrornoma” romani haqidaOdamlar, bo‘rilar va gunohlar. “Qiyomat” romani haqida
So‘zlar odamga o‘z fikrlarini yashirish uchun beriladi. “Qizil va qora” romani haqida
Shayton bilan kelishuv. Gyotening “Faust”i haqida
Ko‘rlar mamlakatida bir ko‘zlilar qirol bo‘ladi. Xose Saramagoning “Ko‘rlik” romani haqida
Bir qotil tarixi. Patrik Zyuskindning “Parfyumer” romani haqida
Izoh (0)