Bugun deyarli hammamiz uy-ro‘zg‘orda turli maishiy kimyoviy vositalardan foydalanamiz. Tozalash, oqartirish, zararkunandalarga qarshi kurashish va boshqa maqsadlarda bunday vositalarni tez-tez xarid qilamiz. Hozir hatto oziqa uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalar ham mavjud. Ulardan foydalanishda rioya qilinishi kerak bo‘lgan xavfsizlik choralariga hamma ham e’tibor qaratavermaydi – yorliqni o‘qib chiqishga erinmaydigan odam juda kam.
Lekin maishiy kimyoviy vositalardan foydalanishda xavfsizlik choralariga amal qilish muhim. O‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligi uchun ham bu qoidalarni chetlab o‘tishga urinmang. Quyida biz sizga bu turdagi vositalardan foydalanganda amal qilinishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralari borasida Rossiyaning yetakchi mutaxassislari tavsiyalarini havola qilamiz.
Maishiy kimyo vositasi yorlig‘ida uning tarkibi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Unda xlororganik birikmalar, akilbenzolsulfonatlar, etoksillangan alkilfenollar bo‘lmasligi shart.Professorning aytishicha, maishiy kimyoviy mahsulot ishlab chiqaruvchilarining ayrimlari xaridorlarning tabiatan xavfsizroq moddalarni sotib olishga moyilligini e’tiborga olib, mahsulot tarkibidagi zararli moddalar nomini niqoblab ko‘rsatishga urinmoqda. Shu sababli ba’zi yorliqlarda xlororganika o‘rniga biologik faol qo‘shimcha yoki akilbenzolsulfonat o‘rniga noorganik sirt-faol modda deya ishlatilgan o‘rinlarga duch kelish mumkin. Bunday yozuvlar odatda kimyodan yaxshi xabardor bo‘lmagan oddiy odamlarni chalg‘itadi va xavfdan ogoh qilmaydi.O‘zini hurmat qilgan ishlab chiqaruvchi mahsulot yorlig‘ida uning kimyoviy tarkibidan tashqari, albatta, xavfsizlik choralari haqida ham ogohlantirish beradi: kimyoviy vositalar bilan ishlaganda rezina qo‘lqop taqish, ko‘zlarni himoyalash, nafas yo‘llari va teriga kimyoviy faol moddalar tushishidan ehtiyotlanish zarur. Maishiy kimyo mahsulotlarini bolalardan yashirib yurish va ularning qo‘li yetmaydigan joyda saqlash kerak. Maishiy kimyo vositasining changi, tutuni va kukunlari organizmga tushmasligiga e’tibor qaratish lozim, bunday vositalar bilan ishlayotganda, albatta, xonada havo aylanib turishi kerak.
Valeriy Petrosyan, Moskva davlat universiteti professori.
Maishiy kimyo vositalari ishlab chiqaruvchilar agressiv birikmalar o‘rniga ko‘proq tabiiy moddalardan foydalanishga o‘tayotganliklarini ham qayd etish joiz. Masalan, xlor kislotasi o‘rniga limon kislotasi qo‘llanmoqda va hokazo. Xlorli birikmalarni maishiy kimyoda qo‘llashga rasmiy taqiqlar joriy qilinmagan bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchilarning o‘z tashabbusi bilan bunday birikmalarni imkon qadar qo‘llamaslikka bo‘lgan urinish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu asosan maishiy kimyo xavfsizligiga bo‘lgan talabchanlikning ortganligi va OAVda yaxshigina targ‘ibot ishlari olib borilganligi bilan bog‘liqdir. Hozir do‘kon peshtaxtalarida maishiy kimyo mahsulotini sotib olayotgan xaridorlar uning iste’mol muddatidan tashqari tarkibiy xavfsizligiga ham e’tibor qaratishni boshlagan va bu yaxshi, albatta.
Shu sababli ishlab chiqaruvchilar endilikda mahsulot yorlig‘ida “ishqorsiz modda”, “yashil texnologiya”, “ekologik sof mahsulot” singari reklama-targ‘ibot yozuvlarini keng qo‘llashmoqda. Marketologlar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, ro‘zg‘orda yaqin dastyor bo‘lgan maishiy kimyo mahsulotlarining bexatarligi uchun o‘rta statistik xaridor qimmatroq tannarxga ham rozi bo‘ladi.
“Shu sababli ham jahon bozorida maishiy kimyoviy vositalar savdosida so‘ngi yillarda nisbatan xavfsiz, lekin qimmat bo‘lgan yapon va koreys mahsulotlariga talab oshgani ajablanarli emas” — deydi Mendeleyev nomidagi kimyo texnologiyalari universiteti mutaxassisi Veronika Smagina.
Petrosyan yana shuni qo‘shimcha qildiki, hozirda maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilar muayyan kimyoviy faol moddaning ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasi hamda uning ro‘zg‘orda qo‘llash samaradorligi orasidagi nozik va optimal chegarani topishga asoslangan masalalar ustida bosh qotirishmoqda.
Veronika Smagina esa maishiy kimyoviy vositalar, asosan, suyuq holda sotiladigan tayyor mahsulot ko‘rinishida namoyon bo‘layotganiga e’tibor qaratgan. Albatta, bu narsa foydalanuvchining o‘zi turli kimyoviy moddalar bilan ishlashiga o‘rin qoldirmasligi (masalan, har xil kukunlarni eritish, qaynatishga hojat yo‘qligi) bilan qulay. Bunday tayyor vositalar biroz qimmat turadi, biroq ularda kukunli havodan nafas olib yuborish, allergik reaksiyalarga mubtalo bo‘lish hamda teri yoki ko‘zga sachrashdan zararlanish singari xatarlar yo‘q. Shu sababdan ham ular so‘nggi paytlarda juda ommalashmoqda.
Muzaffar Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)