“Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, 2020—2021-o‘quv yilidan boshlab quyidagilar tashkil etiladi:
— Toshkent shahrida Respublika maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat;
— Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi (tegishlicha 1 va 11-son) bolalar musiqa va san’at maktablari;
— Buxoro viloyatidagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internati negizida maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar.
Maqom san’ati bo‘yicha bilim va tushunchalar, tarixiy va milliy an’analarni puxta egallagan yosh kadrlarni tayyorlash maqom maktab-internatlarining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.
Maqom maktab-internatlari Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi hisoblanadi.
2020—2021-o‘quv yilida maqom maktab-internatlarining 5, 6 va 7-sinflariga, 2021—2022-o‘quv yilidan boshlab esa 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
Izoh (0)